109 30/05/2025

 

Mehnat muhojirlarini o‘ylantiradigan narsalar, muammolar yetarli.

Ammo ular orasidagi eng muhimlaridan biri bu – pensiya.

Pensiya — bu inson mehnat faoliyati tugagandan so‘ng, ya’ni nafaqaga chiqqandan keyin davlat yoki boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan to‘lanadigan moddiy ta’minot hisoblanadi. U mehnat faoliyati davomida to‘langan soliqlar va pensiya jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar evaziga beriladi. Pensiya faqat pul emas — u tinchlik, xavfsizlik va inson qadrini tan olish ramzi sanaladi.

O‘z vatanida bu borada uncha muammo bo‘lmasligi mumkin, ammo umrining katta qismi chet elda o‘tkazayotgan muhojirlar uchun buning o‘ziga xos qiyinchiliklari bo‘lishi mumkin.

Rossiyada ishlab pensiya olish imkoni bormi?

Albatta! Buning uchun siz Rossiyada rasmiy tarzda ishlayotgan bo‘lishingiz kerak. Shunda ish beruvchi har oyda siz uchun Rossiya Pensiya jamg‘armasiga maoshingizning 22% miqdorini o‘tkazadi.

Unutmang, bu to‘lov sizdan emas, balki ish beruvchi hisobidan undiriladi. Ammo buning o‘zi yetarli emas.

Rossiyada pensiya olish uchun asosiy shart — doimiy yashash guvohnomasi (Vid na jitelstvo) mavjud bo‘lishi lozim.

Agar sizda patent yoki vaqtinchalik ishlashga ruxsatnomangiz bo‘lsa, pensiya olish huquqiga ega emassiz. Shuningdek, kamida 15-yil Rossiyada yashagan bo‘lishingiz va pensiya yoshiga yetib kelgan bo‘lishingiz kerak (ayollar uchun — 58 yosh, erkaklar uchun — 63 yosh).

Tan olish kerakki, aksar muhojirlar bu talablarga javob bermaydi.

O‘zbekistonda kimlar pensiya olishi mumkin?

Erkaklar 60 yoshda (ish staji — kamida 25 yil), ayollar 55 yosh (ish staji: — kamida 20 yil) pensiyaga chiqadi.

2025-yil may oyi holatiga ko‘ra:

To‘liq staj bilan — eng kam pensiya 920 000 so‘m

To‘liq bo‘lmagan staj (7-yildan ko‘p) — eng kam pensiya 745 000 so‘m

Agar stajingiz 7-yildan kam bo‘lsa — umuman pensiya olish huquqi yo‘q.

Rossiyada ishlab O‘zbekiston pensiyasiya olish uchun nima qilish kerak?

Agar siz Rossiyada ishlagan bo‘lsangiz, bu yillarni O‘zbekistondagi mehnat stajiga qo‘shish imkoniyati bor. Lekin buning uchun maxsus ijtimoiy to‘lov to‘lash kerak bo‘ladi:

To‘lov miqdorlari:

2019-yilgacha — har bir oy uchun 375 000 so‘m (1 BHM)

2019-yil uchun — 1 687 500 so‘m (4,5 BHM)

2020-yildan keyingi har yil uchun — 375 000 so‘m (1 BHM)

Misol:

Agar siz 2015-yildan 2023-yilgacha Rossiyada 9-yil ishlagan bo‘lsangiz:

2015–2018: 4-yil × 4,5 mln so‘m = 18 mln so‘m

2019: 1 687 500 so‘m

2020–2023: 4-yil × 375 000 so‘m = 1,5 mln so‘m

Jami: taxminan 21 187 500 so‘m

Bu to‘lovdan so‘ng siz to‘liq bo‘lmagan staj asosida 745 000 so‘mlik pensiyaga ega bo‘lishingiz mumkin.

E’tibor bering:

To‘lovni qaytib kelgandan so‘ng 3 yil ichida amalga oshirish kerak. Aks holda, Rossiyadagi ish staji inobatga olinmaydi.

Ko‘proq to‘lash orqali yuqori pensiya ta’minlash mumkin — hech qanday yuqori chegara yo‘q.

Siz uchun yaqinlaringiz orqali ham ijtimoiy to‘lovni amalga oshirish mumkin — buni O‘zbekistondagi soliq inspeksiyasi orqali qilishadi.

Qanday hujjatlar kerak?

  • Ish daftarchasidagi yozuvlar
  • Pasportdagi chiqib-kirish muhrlari
  • Ish joyidan berilgan ma’lumotnomalar
  • Elchixona yoki konsullikdan olingan rasmiy hujjatlar

Agar men O‘zbekistonda doimiy yashash guvohnomasiga ega xorijlik bo‘lsam-chi?

Siz ham fuqarolar bilan teng ravishda O‘zbekiston pensiyasini olasiz. Faqat chet eldagi ish staji to‘liq emas, balki O‘zbekistondagi stajning uchdan bir qismi sifatida hisoblanadi.

Masalan: Agar siz O‘zbekistonda 21 yil, Rossiyada 18 yil ishlagan bo‘lsangiz, chet eldagi staj faqat 7 yil (21÷3) sifatida hisoblanadi, umumiy staj 28 yil bo‘ladi.

O‘zbekistonda qo‘shimcha pensiya jamg‘arish nima?
Individual pensiya jamg‘arma hisobi (IPJS)

O‘zbekistonda Xalq banki orqali pensiya uchun maxsus shaxsiy hisob ochishingiz mumkin. Bu hisobga pul tushishi ikki xil bo‘lishi mumkin:

Majburiy to‘lovlar: Agar O‘zbekistonda rasmiy ishlayotgan bo‘lsangiz, ish haqingizdan belgilangan summalar avtomatik ravishda pensiya jamg‘armasiga o‘tadi.

Ixtiyoriy to‘lovlar: Ishlamasangiz ham, yoki Rossiyada bo‘lsangiz ham, o‘z xohishingiz bilan pensiya hisobiga pul qo‘yishingiz mumkin.

Nega ixtiyoriy to‘lov qilish foydali?

Soliq imtiyozlari: Pensiya jamg‘armasiga o‘z xohishingiz bilan qo‘ygan mablag‘laringiz 12% daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu — soliq to‘lamasdan mablag‘ni jamg‘arish imkoniyati.

Inflyatsiyadan ustun foizlar: Hisobingizdagi pullar yil davomida inflyatsiya darajasidan yuqori foizlarda o‘sadi. Bu pul qadrining tushib ketishini oldini oladi.

Meros sifatida qoladi: Agar vafot etsangiz, jamg‘armadagi mablag‘laringiz to‘liq ravishda merosxo‘rlaringizga o‘tadi.

Qachon va qanday holatlarda pulni yechib olish mumkin?

Pensiya yoshiga yetganingizda

Chet elga doimiy yashash uchun ketganingizda

Vafot etsangiz — jamg‘arma to‘liq meros sifatida yaqinlaringizga beriladi

Agar chet elda bo‘lsangiz nima bo‘ladi?

O‘zbekistonda pensiya olayotgan va bir vaqtning o‘zida 3 oydan ko‘proq chet elda bo‘lgan shaxslar uchun pensiya to‘lovlari to‘xtatiladi.

Ammo qaytgandan so‘ng, to‘lovlar qayta tiklanadi — faqat so‘nggi 24 oy uchungina to‘lanadi.

Rossiyada ishlayotgan muhojirlar uchun amaliy maslahatlar:

Hujjatlarni to‘plang: Rossiyadagi barcha ish joylaringiz to‘g‘risida ma’lumotnomalarni saqlang. Ish stajini tasdiqlaydigan dalillar — sizning kelajakdagi pensiyangiz asosidir.

Ijtimoiy to‘lov uchun reja tuzing: O‘zbekistonda mehnat stajini tan olish uchun to‘lanadigan ijtimoiy to‘lovlarni keyinchalik amalga oshirish uchun mablag‘ jamg‘aring.

Vaqtni o‘tkazib yubormang: Vatanga qaytgandan so‘ng, 3-yil ichida ushbu to‘lovlarni amalga oshirmasangiz, staj hisoblanmaydi.

Pensiyani oshirish uchun nima qilish mumkin?

Shaxsiy pensiya hisobi oching: IPJH orqali o‘zingizga alohida hisob ochib, ixtiyoriy to‘lovlar kiriting.

Soliq imtiyozlaridan foydalaning: 12% daromad solig‘ini to‘lamasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamg‘armaga pul qo‘yish imkoni bor.

Erta boshlang: Qanchalik erta jamg‘arishni boshlasangiz, keksalikda shunchalik ko‘p pensiya olasiz.

Yakuniy tavsiyalar:

Faqat davlat pensiyasiga tayanish — xavfli. Qo‘shimcha jamg‘arma va daromad manbalarini o‘ylab ko‘ring.

Mulk, biznes yoki depozit orqali jamg‘arma qilish yo‘llarini ham ko‘rib chiqing.

Aniq ma’lumot uchun Pensiya jamg‘armasi yoki Xalq banki mutaxassislariga murojaat qiling.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya