Rossiyada Koksaki virusining tarqalishiga Turkiyada dam olib qaytganlar sababchi deb gumon qilinmoqda. Chunki aynan shu virus Turkiyaning Belek shahrida qayd qilingan, deb yozadi Gazeta.ru sayti.
Biroq, mazkur virus davriy ravishda Rossiya aholisi orasida ham aniqlanib turadi, shuning uchun bu safargi holat xorijiy sayohatlar bilan bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin, deb hisoblaydi pediatr, immunogenetik Igor Kashaba.
Koksaki – bu bolalarda, ayniqsa, sovuq faslda tez-tez uchraydigan enteroviruslar turiga kiruvchi virus sanaladi. Koksaki virusining alohida belgilari yo‘q. Belgilar asosan standart bo‘lib, kasallikning kechishi immunitet va davolash qanchalik erta va sifatli boshlanganiga bog‘liq, deydi shifokor.
Viruslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri teginish orqali yuqadi va ko‘pincha maktab va bog‘chalarda bolalar orasida tarqaladi. Enterovirusni asosan, ichakka ta’sir etish belgisi orqali aniqlash mumkin. Enteroviruslar ko‘pincha yo‘tal va tomoq qizarishi bilan oddiy shamollashga o‘xshab ketadi. Bolalardagi ichak buzilishi alomatlari tibbiy yordam talab qiladi, chunki bu suvsizlanish xavfi bilan bog‘liq, deydi shifokor. Virusdan shubhalangan zahoti zudlik bilan shifokorga murojaat qilish muhim ekani ta’kidlanmoqda.
Agar bola kasal bo‘lsa, uni bog‘cha yoki maktabga yubormaslik, shifokorni chaqirish muhim, deyiladi shifokor tavsiyasida.
Eslatib o‘tamiz, Moskva va Vladimir oblastlari, shuningdek, Krasnodar o‘lkasida mahalliy bog‘cha va maktablarda Koksaki virusi tarqalgani ma’lum bo‘ldi. «Роспотребнадзор» virus tarqalgani haqidagi xabarlardan so‘ng o‘quv muassasalarida ertalabki filtr jarayonini nazorat qilishni yo‘lga qo‘ydi.
Bundan tashqari, «Роспотребнадзор» maxsus aloqa telefonini ham ishga tushirgan. Virus bilan kasallanganlar maslahat olish uchun 8 (800) 555-49-43 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi aytilmoqda.
Rossiyadagi migrantlarga o‘zlari va bolalarining salomatligiga e’tiborli bo‘lish tavsiya etiladi. Zarur bo‘lganda shifokorga murojaat qilishni kechiktirmaslik muhim. Shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish orqali nafaqat professional yordam, balki sog‘likka jiddiy zarar yetishining oldini olish mumkin.