
2025-yil mart oyida Moskvada kuryerlar maoshi oliy ma’lumotli mutaxassislarnikidan 19 foiz yuqori bo‘ldi. Bu haqda SuperJob ish qidirish servisi mutaxassislari «Kuryer indeksi» tadqiqotida ma’lum qilgan.
Tahlilchilar ma’lumotiga ko‘ra, mart oyida kuryerlarning o‘rtacha maoshi 130 ming rublni tashkil qilgan. Shu bilan birga, oliy ma’lumotli mutaxassislarga taxminan 105 ming rubl maosh taklif qilinmoqda. Ekspertlar fikricha, hozircha kuryerlarga bo‘lgan talab o‘z cho‘qqiga yetmagan, shuning uchun ularning maoshi o‘sishda davom etadi.
SuperJob mutaxassislari kuryerlik xizmati sohasida maoshlarning oshishini yetkazib berish xizmatlariga talab ortayotgani va ishchi kuchi kamayib borayotgani bilan izohlashdi.
«Kuryerlar aybdor emas. Ular mehnat qilib, munosib maosh olayotgani yaxshi holat. Kuryerlar ma’lumot va malaka talab etmaydigan eng ommaviy kasblardan biri sifatida misol tariqasida olindi», — deyiladi SuperJob’ning «RBK»ga bergan izohida.
Bundan avval Headhunter.ru 2025-yil fevral oyidagi eng yuqori maoshli kasblar haqida ma’lumot bergan edi. Ro‘yxatning birinchi ikkita o‘rnini IT sohasidagi data-sayentistlar va DevOps muhandislar egallagan bo‘lib, ularga mos ravishda 245 ming va 240 ming rubl maosh to‘lashga tayyorlar.
Shuningdek, ko‘chmas mulk agentlari ham yuqori daromadga ega bo‘lib, fevralda ularning o‘rtacha maoshi 175,4 ming rublga yetgan.
Top-5 ro‘yxatiga dasturchilar (150 ming rubl) va kuryerlar (146 ming rubl) ham kirgan. Rossiyada o‘rtacha maosh 2025-yil fevral oyi boshiga kelib 73,4 ming rublni tashkil qilgan.