
2025-yil 1-sentabrdan boshlab Max ilovasi Rossiyadagi barcha yangi smartfon va planshetlarga oldindan o‘rnatiladi. Bu yangi «milliy messenjer» majburiy o’rnatiladi. Bu haqdagi qarorni bosh vazir Mixail Mishustin imzolagan.
Ilgari qurilmalarda bo‘lgan VK messenjeri endi Max bilan almashtiriladi.
Max 2025-yilning bahorida taqdim etilgan. Ilova allaqachon chatlar va qo’ng’iroqlar, chatbot konstruktori, to’lovlar, mini-ilovalar va hatto VTB raqamli bankini ham o’z ichiga olgan. Rasmiylar vaqt o’tishi bilan u nafaqat muloqot qilish, balki davlat va biznes xizmatlaridan foydalanish mumkin bo’lgan ko’p funksiyali xizmatga aylanishini va’da qilmoqda.
Shuningdek, 1-sentabrdan boshlab Rossiyaning RuStore ilovalar do‘koni ham barcha smartfonlarga oldindan o‘rnatiladi. Endi u nafaqat Android va HarmonyOS’da, balki iOS va HyperOS’li qurilmalarda ham mavjud bo‘ladi.
Max faol targ‘ib etilishidan so‘ng Rossiyada Telegram va WhatsApp’ga qo‘ng‘iroqlar cheklandi. Rasmiylarning iddaosicha, bu ilovalar ko’pincha firibgarlar tomonidan qo’llanilar ekan. Biroq, firibgarlar allaqachon yangi xizmatni ham o’zlashtira boshladi. Yaqinda Ichki ishlar vazirligi Max orqali firibgarlikda gumon qilingan birinchi odam hibsga olingani haqida xabar berdi.