15-noyabr kuni kechqurun Moskva viloyatida Rossiya Ichki ishlar vazirligining o‘z xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari bezorilar hujumiga uchragan. Hujumni sodir etishda muhojirlar gumon qilinmoqda. Ayni vaqtda migrantlar qo‘lga olingan. Bu haqda «Вся Московья» telegram-kanali xabar bergan.
«MK» nashrining ma’lum qilishicha, ko‘rinishidan osiyolikka o‘xshagan bir guruh shaxslar IIVning Moskva viloyati bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbariga hujum qilgan. Ofitser xizmat avtomobilida uyiga qaytayotgan vaqtda hujumchilar bilan mojaro kelib chiqqan. Ular ofitserning nasihatomuz gaplariga javoban kaltaklashgani iddao qilinmoqda. Natijada polkovnik turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hujum qilgan shaxslar Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan. Ularning barchasi Vladimir viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan. Muhojirlar hujumni bezorilik niyatida amalga oshirgani aytilmoqda. Aslida voqeaga sabab bo‘lgan “nasihatlar” aynan qanday bo‘lgani esa noma’lum.
Hozirgi paytda muhojirlarning barchasi – uch kishi qo‘lga olingani xabar berilmoqda. Ulardan ikki nafari litiy plastmassa ishlab chiqaruvchi korxonada ishlaydi, uchinchisi esa tadbirkor ekan.