Maqola

191 14/05/2024

Afsuski, Rossiyada migrantlarning farzandlarini olib qo‘yish holatlari biz xohlaganimizdan ancha ko‘p uchrab turadi. Buning bir qator sabablari bor. Maqolada Rossiyada farzand katta qilishda kerakli bo‘ladigan muhim qonuniy aspektlarni muhokama qilamiz.

Rossiyada ota-onalarning bir qator majburiyatlari bor, ular Rossiya Konstitutsiyasidan kelib chiqqan holda Oila kodeksida (12-bo‘lim) ko‘rsatilgan.

Ota-onalarning majburiyatlari:

  • bola huquqlarini ta’minlash;
  • tarbiyalash;
  • ta’lim olishini ta’minlash;
  • tibbiy yordam olishini ta’minlash;
  • moddiy ta’minlash;
  • bolaning jismoniy, ruhiy va ahloqiy rivojlanishini ta’minlash;
  • bola ham onasi tarafidagi, ham otasi tarafidagi qarindoshlari bilan muloqot qilishiga ruxsat berish;
  • ota-onalik majburiyatlarini bola manfaatlariga zid ravishda bajarmaslik.

Keltirilgan ushbu majburiyatlar bajarilmasa, nafaqat migrantlar, balki Rossiya fuqarolarining ham bolalari davlat tomonidan olib qo‘yiladi. Shunday bo‘lsa-da, muhojirlar o‘rtasida bolaning huquqlarini ta’minlashda ko‘p uchraydigan xatoliklar bor.

Jumladan, bolaga hujjat tayyorlab bermaslik, bolaning ijtimoiy hayotini tashkil qilmaslik, tibbiy yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlikdan himoya qilmaslik, moddiy ta’minlamaslik kabi holatlardir.

Tajribamizda bolalarga tug‘ilganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirilmagani uchun olib qo‘yilgani eng ko‘p uchraydigan sabab bo‘lib qolayapti. Haligacha ota-onalar Rossiyada tug‘ilgan bolalariga tegishli tartibda tug‘ilganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirmaydi. Buning sabablari ko‘p. Kimdir O‘zbekistonda yoki Tojikistonda “ZAGS”i bekor qilinmagani uchun rasmiylashtirmagan. Kimdir bolani fuqarolik masalasida ikkilanib, rasmiylashtirmagan. Kimdir shunchaki beparvolik qilib.

Eng ko‘p uchraydigan yana bir sabab – bolalarni yolg‘iz qoldirish holatlari. Ya’ni bizda, O‘zbekistonda, Tojikistonda bolalarni ko‘chada aylanishga yolg‘iz qo‘yib yuborish normal holat sanaladi. Yoki bolalarni uyda yolg‘iz tashlab ketish ham ko‘p uchraydi. Rossiyada esa bolani yolg‘iz ko‘chaga chiqishi ham, uyda yolg‘iz qolishi ham qonunan mumkin emas. Bolani yolg‘iz qoldirgan ota-onalar ma’muriy (st. 5.35 KoAP RF) yoki jinoiy (st. 125 UK RF) javobgarlikka tortiladi. Chunki bolani yolg‘iz qoldirish uni xatarda qoldirish deb baholanadi. Hattoki tajribamizda qashqadaryolik bir ayol o‘g‘lini ko‘chaga aylanishga chiqarib, keyin topolmay bir kun izlaganini, o‘g‘lini (10 yosh) esa polisiya nazoratsiz qoldi, deb bayonnoma tuzib, reabilitatsiya markaziga joylashtirishga ulgurganiga guvoh bo‘lganmiz.

Reabilitatsiya markazidan olib chiqish uchun ota-onani ko‘p so‘roq-savol qilishgan, O‘zbekistondan xarakteristika olib, hujjatlarni ko‘rsatib, nazoratsiz emasligini isbotlash uchun to‘garak, boshqalarga onlayn rasmiylashtirib, amallab qaytarishga erishilgan edi. Shuning uchun bolani aslo ko‘chaga ham, uyda ham yolg‘iz qoldirmaslik kerak.

Uchinchi ko‘p uchraydigan sabab—bolaga qo‘l ko‘tarish. Bolani urish, kaltaklash, haqoratlab so‘kish va h.k. shularni barchasiga biror kim guvoh bo‘lib, polisiya chaqirsa, bola xatarda qoldi, deb bolani olib qo‘yishadi. Bunday holatda ota-ona ruhiy sog‘lomligi, giyohvandlik bo‘yicha nazoratda turmasligi kabi ma’lumotnomalarni yig‘ib yurib, bolani qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Bu ham oson emas. Shu uchta sabab migrantlarning bolasini oldirib qo‘yish uchun eng ko‘p uchraydigan sabablar bo‘ladi.

Rossiya farzand katta qilishning o‘ziga xos farqlari bor. Jamiyat va urf-odatlarning farqi qonunchilikdagi normalarda ham aks etgan. Shuning uchun albatta, bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini, migratsion qaydini, tibbiy nazoratda bo‘lishini, maktab, bog‘cha, to‘garaklarda ishtirok etishini ta’minlashga alohida e’tibor berish kerak.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya