Maqola

166 30/08/2024

Ma’lumotnoma nazariy jihatdan muhojirni hech narsaga majburlamaydi. Ya’ni urushga olib ketish haqida gap-so‘z yo‘q. Biroq masalaning boshqa tarafi bor – targ‘ibot. Muhojirlarga Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilish haqidagi hujjat turli joylarda berilmoqda – politsiya bo‘limida, tergov qo‘mitasida, migrantlarni vaqtincha saqlash markazlarida, patent rasmiylashtiriladigan migratsiya markazlarida, hujjat rasmiylashtiradigan pasport-viza servislarida, migrantlar ishlaydigan ishxonalarda va hattoki migrantlar yashaydigan yotoqxonalarda ham.

Migrant.uz muxbiri shu kungacha migrantlar tomonidan yuborilgan o‘nlab harbiy shartnoma haqidagi ma’lumotnomalar bilan tanishdi. Ularning barchasi mazmunan bir xil – ya’ni, muhojirlar harbiy shartnoma imzolasa qanday imtiyoz va imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida. Biroq nomlanishi hamma yerda har xil. Qayerdadir, masalan, Ulyanovskda – “разъяснение” (tushuntirish), Moskvada “информация” (Ma’lumot), Ryazanda “уведомление” (Bildirishnoma), Tatarstonda “оповещение” (Xabarnoma) kabi har xil nomlar bilan atalmoqda.

Muhojirlarga majburiy ravishda berilayotgan bu hujjatda Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilish afzalliklari, qonuniy ravishda beriladigan yengilliklar, masalan, fuqarolik rasmiylashtirish imkoniyati, pul mukofoti, barqaror oylik va boshqalar sanab o‘tilgan.

Ukrainaga borish haqidagi ushbu taklif erkak kishilarga berilmoqda. Berilayotganda esa rus tilini bilish darajasi yoki jismoniy ko‘rinishga e’tibor qilingani yo‘q. Hozirga qadar Migrant.uzga ma’lum bo‘lgan holatlarning aksariyatida muhojirlar aynan politsiya tekshiruvida bo‘limga olib ketilib, shunday hujjatlarga imzo qo‘yishga majburlanmoqda.

– Ko‘chada politsiya to‘xtatdi. Hujjatlarim joyida bo‘lsa ham “otdelda” tekshiramiz, deb olib ketishdi. “Otdel”ga borganda hamma hujjatlarimni yana tekshirib, ikki-uch soat o‘tgandan keyin shu qog‘ozni berib qo‘l qo‘ydirdi. Nima bu, desam “o‘qi, rus tilini bilmasang bu yerda nima qilib yuribsan” deb qo‘pollik qildi. O‘sha qog‘ozga qo‘l qo‘ymaguningizcha “otdel”dan chiqarmayapti. Ancha tortishib turdim. Lekin bilasiz, bir minut ishlamasangiz, Rossiyada zararga kirasiz. Shuning uchun oxiri qo‘l qo‘yib chiqib ketdim, deydi Migrant.uz bila suhbatlashgan Sherzod A.

Urushga targ‘ibot hujjati faqat politsiya tekshiruvida emas, IIVning Migratsiya bo‘limiga qonuniy hujjatlarini uzaytirish uchun borgan muhojirlarga ham berilmoqda. Hech qanday tekshiruvga tushmay, avvaldan tartib bo‘yicha Yangi Moskvadagi “MVD” qabuliga yozilgan suhbatdoshimiz ham shunday hujjat bilan yuzlashganini aytadi.

– Men RVP bilan yuraman. RVP bo‘yicha yillik daromad haqidagi bildirishnomani topshirish uchun borganimda Ichki ishlar vazirligining migratsiya bo‘limida shu hujjatni berishdi. Hammaga berishayapti, deydi Migrant.uz vakili bilan suhbatda Muxlis F.

Moskva shahri yoki Moskva viloyatida patent rasmiylashtirishni istovchilar Saxarovo qishlog‘idagi migratsiya markaziga murojaat qiladi. Migratsiya markazining hovlisida ham harbiy forma kiygan ko‘ngillilar shartnoma imzolash targ‘ibotini olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.

– Patent rasmiylashtirishga kelganingizda, ko‘chada, ya’ni kirish hovlisida harbiy kiyimda ko‘ngillilar yuribdi. Hech kimni majburlashayotgani yo‘q. Lekin qiziqqanlarga harbiy shartnoma va xizmat haqida gapirib berishayapti. Qo‘llarida hujjatlar turibdi. O‘sha hujjatlarni ko‘rsatib, muloqotga kirishishmoqda. Eshitishga tayyor bo‘lganlarga harbiy xizmatga yollanish haqida gapirib berishayapti, deydi vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan suhbatdoshimiz Elyorbek.

Moskvadan boshqa shaharlarda ham migrantlar patent rasmiylashtirishga borganda targ‘ibotga uchrayotganini tasdiqladi. Qolaversa, migrasion qayd (registratsiya)ni uzaytirish uchun borganda ham muhojirlar targ‘ibot varag‘iga imzo qo‘yishga majburlanayotganini aytadi.

– Men Ulyanovskdaman. Uy egasi bilan registratsiyani uzaytirishga borgan edik. O‘sha yerda shu qog‘ozga qo‘l qo‘ydirdi. Tushuntirib ham o‘tirgani yo‘q, deydi Migrant.uz’ning yana bir suhbatdoshi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.
Muhojirlar nafaqat tekshiruv yoki hujjatlarni rasmiylashtirish uchun borganida, balki tergov yoki surishtiruv vaqtida ham shunday hujjatga imzo qo‘ymoqda.

– Mening akam Tataristonda urishib, hozir bezorilik bo‘yicha ayb qo‘yilmoqda. Akamga politsiyaga borganda ham, tergovchi bilan gaplashganda ham ikki martadan qayta-qayta shu qog‘ozni berishdi. Endi urushga olib ketib qolmaydimi? – so‘raydi Azizbek xavotirlari bilan bo‘lisharkan.

Targ‘ibotga nafaqat davlat idoralari, balki ish beruvchilari va yotoqxonalar ham jalb qilingan. Masalan, Ryazan oblastidan murojaat qilgan hamyurtimiz unga targ‘ibot hujjatini ish beruvchisi berganini va ish joyida hammaga imzo qo‘ydirganini aytadi.

– Biz Ryazanda ishlaymiz. Ish beruvchimiz ishxonada shunga qo‘l qo‘ydirdi. Hammaga qo‘l qo‘ydirdi. Nima bu deb so‘rasak, hech narsa qilmaydi, jiddiy narsa emas, deb majburlab qo‘l qo‘ydirdi. Sheriklar rasmga olgan ekan. Ko‘ringlar-chi, urushga ketib qolmasak bo‘ldi, deb rasm bilan bo‘lishadi Farhodjon.

Yana bir o‘zbekistonlik xuddi shu mazmundagi hujjat rasmi bilan bo‘lishar ekan, unga imzo qo‘yishni yashayotgan yotoqxonasida talab qilishganini aytadi.

– Men yo‘g‘imda kimdir kelib shu hujjatlarga qo‘l qo‘yib berishimizni aytibdi. Yotoqxonadagi komendant endi qo‘l qo‘ymasak o‘z holimizga qo‘ymayapti. Kirganda ham, chiqqanda ham shunga qo‘l qo‘y, deb turib olgan. Bu qanday hujjatligini, ertaga imzo qo‘ysak nima bo‘lishini hech kim tushuntirgani yo‘q, deydi Avazbek.

Hujjatlar qayerda berilmasin, mazmuni bir. Imzo qo‘ygan muhojir o‘zining ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, telefon raqamini yozib, agar hujjatdagi taklif qiziqtirsa qayerga borishni, ya’ni harbiy komissariat manzilini bilishi haqida belgi qo‘yadi.

Mazkur hujjatlarga imzo qo‘yishning huquqiy oqibatlari haqida huquqshunos Zarnigor Omonillayeva shunday deydi: “Huquqiy jihatdan bu hujjatga imzo qo‘yish muhojirlarni hech narsaga majburlamaydi. Ya’ni bunday hujjatlarga imzo qo‘yganlar urushga albatta olib ketiladi, degan xavotirlar noo‘rin. Amalda imzo qo‘yganlarga ma’lum vaqt o‘tib harbiy komissariatdan telefon qilishmoqda. Telefon qilganda “o‘ylab ko‘rdingmi, harbiy xizmatga yollanasanmi?” degan savol bilan murojaat qilinayapti. Agar muhojir shunday qo‘ng‘iroq vaqtida tasdiq ma’nosidagi javobni bersa, unda mahalliy harbiy komissariatga borishi kerak. Amalda tasdiq javobi berilgach, komissariatga borish o‘ziga xos majburiyatdek qabul qilinmoqda.

Shuning uchun muhojirlar imzo qo‘yganlaridan keyin shunday qo‘ng‘iroqlar vaqtidagi suhbatga e’tiborli bo‘lishlari, tushunmagan narsalarini qayta so‘rashdan uyalmasliklari kerak. Qayta-qayta so‘rab, savolni aniq tushunganiga ishonchi komil bo‘lsagina shoshilmay javob berishlari kerak. Agar rad javobi berilayotgan bo‘lsa, imkon qadar rad javobini qo‘polliklarsiz, so‘kinmay, urushmay, argumentlab berishi kerak. Masalan, harbiy karyera meni hech qachon qiziqtirmagan, kasbim boshqa, deyish mumkin”.

Xulosa qilish mumkinki, muhojirlar imzo qo‘yishga majburlanayotgan hujjatlar amalda huquqiy kuchga ega emas. Avval Migrant.uz Rossiyada davlat idoralari xodimlari har bir ushlangan shaxs bilan targ‘ibot masalasi o‘tkazishga majburligi va bu bo‘yicha hisobot topshirishi kerakligini yoritgan edi. Ayrim mintaqalar, masalan, Kirov oblastida politsiyachilar harbiy shartnomaga imzo qo‘ygan har bir odam uchun mukofot pullarini olishigacha yoritilgan.

Hozirda muhojirlar qo‘l qo‘yishga majburlanayotgan hujjatlar ham bir tomondan shunday hisobot uchun qilinayapti. Ikkinchi tomondan esa Rossiyada bu yilgi kuzgi chaqiruv juda keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Rossiya shaharlarida targ‘ibot reklamalari, muhojirlar orasidagi alohida targ‘ibotning olib borilishi bejizga emas. Rossiya imkon qadar qurolli kuchlar safini ko‘ngillilar bilan to‘ldirmoqchi. Shuning uchun muhojirlar ikki karra ehtiyot bo‘lishlari, tushunmagan, bilmagan narsalarini so‘rashdan uyalmasliklari, professional huquqshunoslar yordamidan foydalanishlari kerak.
Agar sizning ham bo‘lishishni istagan voqeangiz bo‘lsa tahririyatimizning telegramdagi @migrantxabar akkauntiga yozishingiz mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya