Rossiyada migrant oilalarining bolalariga nisbatan davlat siyosati tobora qattiqlashmoqda. Bu haqda tojik huquq himoyachisi va migratsiya bo‘yicha ekspert Karimjon Yorov haqqin.az saytiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonunga muvofiq, migrantlarning bolalari maktabga qabul qilinishi uchun ularning mamlakatda qonuniy yashashi va rus tilini yetarli darajada bilishi tasdiqlanishi lozim.
Yorovning ta’kidlashicha, avval Rosobrnadzor migrant bolalar uchun rus tili bo‘yicha testda minimal 30 foiz to‘g‘ri javob talab qilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 90 foizga oshirilgan. Bu esa, uning fikricha, milliy belgilar bo‘yicha ajratishni kuchaytiradi va
Markaziy Osiyodan kelgan bolalarning Rossiya jamiyatiga integratsiyasini cheklaydi.
«Kremlning migratsiya siyosati mantiqqa zid», – deydi huquq faoli. – Birinchidan, migrantlarga oilasini olib kelishga ruxsat berildi, turmush o‘rtoqlardan patent olish talabi bekor qilindi. Ammo, bu qonunni bekor qilmasdan, ular boshqasini – bolalarni majburiy ro’yxatga olish to’g’risida qabul qilishdi. Ichki ishlar vazirligi, Migratsiya xizmati va hatto FSB xodimlari bolalardan ota-onalarining hujjatlari, patentlari va tilxatlarini taqdim etishlarini talab qilib, maktablarga kela boshladilar”, — deydi Yorov.
Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyevning migrant bolalarni mamlakatdan chiqarish taklifi jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Matveyevning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 800 mingga yaqin migrant bolalar bor va ularning oz qismi maktab va bog‘chalarga boradi.
Yorovning fikricha, hukumat migrant bolalarning ta’lim olishiga to‘siqlar qo‘yish orqali ularning ijtimoiy liftlarda ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. «Bu avlod faqatgina tozalovchi yoki qorovul bo‘lib ishlash bilan cheklanmaydi, balki malakali ish o‘rinlariga da’vogarlik qiladi. Demografik pasayish va urushdagi yo‘qotishlar sharoitida bu ijtimoiy raqobat tahdidi sifatida qabul qilinadi», — deydi u.
Shuningdek, Yorov migrantlar orasida jinoyatchilikning o‘sishi haqidagi da’volarni rad etdi. «Ichki ishlar vazirligi va prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi atigi 4 foizni tashkil etadi, u ham asosan ma’muriy huquqbuzarliklar. Shimoliy Kavkazdan kelganlarni bu statistikaga kiritishga urinishlar ochiq manipulyasiyadir», — deydi u.
Yorovning ta’kidlashicha, Rossiyada migrantlarga nisbatan «total nazorat» rejimi joriy etilgan. «Har qanday politsiya xodimi xorijiy fuqaroning harakatlanishini cheklashi mumkin. Ruxsatsiz hatto sudga ham borolmaydi. Qoidabuzarlik uchun — deportatsiya. Migrantlarning bugungi realligi shunday», — deb xulosa qiladi u.
«Krokus-Sitidagi teraktdan so’ng vaziyat yanada og’irlashdi. Maktablarda sinflarda Markaziy Osiyodan bolalar ko’p bo’lmasligi kerak, degan aytilmagan chegaralar qo’yildi. Bolalar maktabga bir yillik kechikish bilan qabul qilinadi; Moskvaning muhojirlar uy-joy sotib olgan yangi turar-joy massivlarida oddiygina maktablar yo’q, eski muassasalarda esa bo’sh joy yetishmayapti», – deydi mutaxassislar.
Yorovning so‘zlariga ko‘ra, faqat Ukrainadagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga rozi bo‘lganlar uchun fuqarolikni olish osonlashgan.