
Rossiyada chet el fuqarolari uchun hujjatlarni rasmiylashtirish uchun davlat bojlari keskin oshdi. Soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar 26-iyul kuni kuchga kirdi.
Endi Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga qabul qilish uchun davlat boji 4200 rubldan 50 ming rublgacha, VNJ olish uchun 30 ming rubl toʻlashga toʻgʻri keladi. Vaholanki ilgari ushbu xizmat 6 ming rubl turardi. RVP ruxsatnomasining narxi 1920 rubldan 15 ming rublgacha oshdi.
Ish beruvchilar uchun boj endi ishga joylashtiriladigan har bir chet el fuqarosi uchun 15 ming rublni tashkil etadi. Kirish vizasi endi avvalgi 1,2 ming rubl oʻrniga 2000 rubl boʻladi. Oddiy kirish taklifnomasining narxi 960 rubldan 8 ming rublgacha oshdi.
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning soʻzlariga koʻra, bojlarning oshirilishi federal byudjetni har yili qoʻshimcha ravishda 15 milliard rubldan koʻproqqa toʻldirish imkonini beradi. U chet el fuqarolarining boʻlishi mamlakatga foyda keltirishi va iqtisodiy jihatdan asoslangan boʻlishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, migrantlar rus tilini bilishlari, Rossiya madaniyatini hurmat qilishlari, qonunlarga rioya qilishlari va oʻz oilalarini boqishga qodir boʻlishlari kerak.
Avvalroq turli migratsiya qoidabuzarliklari uchun jarimalarni oshirish toʻgʻrisida ham qaror qabul qilingan edi. Kirish qoidalarini yoki boʻlish rejimini buzganlik uchun eng kam jarima 2 ming rubldan 4 ming rublgacha oshdi. Qayta qoidabuzarlik uchun jarima endi avvalgi 5–7 ming rubl oʻrniga 7 mingdan 9 ming rublgachani tashkil etadi. Noqonuniy mehnat faoliyati uchun eng kam jarima ham 2 ming rubldan 4 ming rublgacha qimmatladi, qayta qoidabuzarlik sodir etilganda esa u 7 mingdan 9 ming rublgacha boʻladi. Jarimalar migratsiya hisobiga qoʻyishda notoʻgʻri ma’lumotlar taqdim etganlik va chet elliklarni taklif qilish qoidalarini buzganlik kabi boshqa qoidabuzarliklar uchun ham oshdi.