
Rossiyada 1-martdan boshlab yangi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, agar mintaqa migrantlarni yollashga cheklov yoki kvotalar qo’ysa, ish beruvchilar xorijiy ishchilarni ishdan bo’shatish huquqiga ega.
O’zgarishlar Mehnat kodeksiga kiritildi. Ilgari xorijiy ishchi faqat federal qonunlar, prezident farmonlari yoki hukumat qoidalari bilan belgilangan sabablarga ko’ra ishdan bo’shatilishi mumkin edi. Endi bunga mintaqaviy hukumat qarorlari qo’shildi. Bu shuni anglatadiki, agar mintaqa yoki hudud migrantlar soniga cheklov qo’ysa, ish beruvchilar bunga rioya qilishlari shart.
Davlat Dumasi deputati Igor Antropenko mintaqaviy kvotadan oshib ketish katta miqdorda – 800 000 dan 1 million rublgacha jarimaga olib kelishini aytgan. Shuningdek, kompaniya faoliyati 90 kungacha to’xtatilishi mumkin. Shuning uchun, agar limitdan oshib ketsa, ko’plab ish beruvchilar xorijiy ishchilarni ishdan bo’shatishga majbur bo’ladi.
2025-yil noyabr oyida hukumat 2026-yil uchun kvotalarni tasdiqlagan edi. Bu yil viza bilan kelgan 278 900 xorijiy ishchiga ruxsat beriladi. Kirish taklifnomalari va ish ruxsatnomalari uchun ham xuddi shuncha miqdordagi kvotalar ajratilgan.
Eng ko’p kvotalar ishlab chiqarish va qurilish sohasidagi ishchilar uchun ajratilgan. Oziq-ovqat, yog’ochni qayta ishlash, to’qimachilik va kiyim-kechak sanoatida 71 088, qurilishda 55 312, metallga ishlov berish va mashinasozlikda 45 391 kishi ishlashiga ruxsat berilgan.
Migrantlar bilishi muhim bo‘lgan narsa: agar sizning mintaqangizda cheklovlar qo’yilsa, ish beruvchilar mehnat shartnomalarini qonuniy ravishda bekor qilishlari mumkin. Shuning uchun, mintaqangizdagi vaziyatni oldindan tekshirish va rasmiy ma’lumotlarni kuzatib borish muhimdir.