181 24/12/2025

Rossiyaga ishlashga borishdan maqsad, yaxshi pul topish, ma’lum maqsadlar uchun mablag‘ jamg‘arish. Bu barchaga ma’lum.

Moliyaviy savodxonlik — nafaqat shaxsiy mablag‘laringizni to‘g‘ri boshqarish, balki xavfsizlik, mustahkam jamg‘arma va uyga sog‘-omon pul yuborish kafolati hamdir.

Rossiyada ishlayotgan har bir ishchi quyidagilarga e’tibor qaratishi lozim:
– Daromad va harajatlaringizni rejalashtiring:

Har oyda oladigan daromadingiz va chiqimlaringizni yozib boring. Har bir qayerga ketishini tushunib olish muhim. Chetda ishlashdan topadigan daromadingiz bo‘yicha maqsadingiz va rejangiz bo‘lsin, imkon boricha undan og‘ishmang. Biror do‘kon yoki bozorga borishdan oldin olinadigan narsalar ro‘yxatini tuzib oling va iloji boricha shu ro‘yxatdan chetga chiqmang. Do‘konlar sotuvni ko‘paytirish uchun har xil yo‘llarni qilishadi. Har bir katta harajatni yaqinlaringiz bilan maslahatlashing.

– Mablag‘larni qisman jamg‘arib boring:

Har oy kamida 10–20% daromadingizni zaxira qilib qo‘ying. Bu pul kelajakda favqulodda holatlar yoki katta xarajatlar uchun kerak bo‘lishi mumkin. Agar pulni ishlatib qo‘yish odatingiz bo‘lsa, uni saqlay oladigan yaqiningizga berib qo‘ying yoki maxsus qutilarda saqlang.

– Bekorchi narsalarga pul sarflashni yaxshi ko‘radigan yaqinlaringizga ko‘p pul yubormang. Imkon boricha daromad keltirmaydigan narsalarga pul sarflamang.
– To‘lovlar uchun rasmiy bank xizmatlaridan foydalaning:

Notanish yoki ishonchsiz shaxslarga pul topshirishdan saqlaning. Pul yuborish va saqlash uchun qonuniy bank tizimlaridan foydalanish xavfsiz va ishonchli. Pul yuborishdan avval keng tarqalgan tizimlardagi komissiyalar va valyuta kursini solishiring.

– Qarzlarni ehtiyotkorlik bilan oling:

Karzga pul olishdan oldin, qaytarish imkoniyatingizga ishonch hosil qiling. Foizlar yoki jarimalar katta miqdordagi qarzga olib kelishi mumkin.

– Moliyaviy firibgarlikdan ehtiyot bo‘ling:

Sizga “tez boyish”ni va’da qiladigan shubhali odamlar, noma’lum havolalar, bank kodlarini so‘raydiganlar — ko‘pincha firibgar bo‘ladi. Hech qachon PIN-kod, SMS kod yoki pasport ma’lumotlaringizni begonalarga bermang. Sizga telefon orqali “bankdanman”, “polisiyadanman” deb qo‘ng‘iroq qilganlarga ishonmang. Tanimagan odamlaringizga pul o‘tkazmang.

Doim qonuniy ishlang:

Qonuniy ishlashingiz uchun patentni o‘z vaqtida to‘lash muhim. Uyga pul yuborishda patent to‘lovini olib qoling. To‘lovni kechiktirish patentni bekor qiladi va siz noqonuniy maqomda qolasiz. Qonuniy asosda ishlagan holda, daromadingizni himoya qilish osonroq bo‘ladi.

Qiynalib topgan pullaringizni to‘g‘ri sarflashga e’tibor bering. Topganingizga baraka bersin!

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya