
Rossiyada hujjatsiz muhojirlarni ishga yollaganlik uchun jazoni kuchaytirildi. Endi ruxsatsiz yoki patentsiz xorijliklarni ishga olgan ish beruvchilar katta miqdorda jarima to‘laydi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Agar kompaniyaning oddiy xodimi qonunni buzsa, u 70 ming rublgacha jarimaga tortiladi. Agar kompaniya yoki yakka tartibdagi tadbirkor muhojirni hujjatsiz ishga olsa, jarima har bir noqonuniy ishchi uchun bir million rublga yetishi mumkin.
Ish beruvchilar chet el fuqarosining patenti yoki ishlashga ruxsati bor-yo‘qligini tekshirishlari, shuningdek, Rossiyada yashash uchun barcha hujjatlarni to‘g‘ri to‘ldirishlari lozim. Agar bu shartlar bajarilmasa, bu ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi va qonun bo‘yicha jazolanadi.
Hujjatlarida xatolikka yo‘l qo‘ygan migrantga xatolarni o‘zi tuzatishi uchun vaqt 10-sentyabrgacha uzaytirildi. Shu vaqtgacha siz Rossiyada qolishingizni qonuniylashtirishingiz va barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishingiz mumkin.
Ayni paytda, Novosibirsk shahrida bir kunda Rossiya qonunchiligini buzgan 53 nafar muhojir chiqarib yuborildi. Bular Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolaridir.
Qrim rahbari Sergey Aksyonov kelajakda mehnat muhojirlariga oilalarini Rossiyaga olib kelishni taqiqlashni va faqat mehnat vizasi bilan fuqarolikni olishni taklif qildi. U allaqachon shunday qonun loyihasini tayyorlamoqda.
Agar siz Rossiyada ishlayotgan bo‘lsangiz, sizda amaldagi patent yoki ruxsatnoma bo‘lishi, shuningdek, migratsiya qoidalariga rioya qilishingiz kerak. Aks holda, muhojir uchun ham, ish beruvchi uchun ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.