Rossiyada uchinchi hafta ketma-ket o‘tkir resperator virusli infeksiya (O‘RVI) va gripp bilan kasallanish yuqori darajada saqlanib qolmoqda — har hafta 1,1 milliondan ortiq yangi holat qayd etilmoqda, deb xabar berdi «Rospotrebnadzor».
A.A. Smorodinsev nomidagi Gripp ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi to‘qqiz hafta ichida birinchi marta kasallanish darajasi pasayishni boshlagan.
Shu bilan birga, Rossiyaning kamida 10 shahrida gripp va O‘RVI bilan kasallanish epidemiologik chegaradan 20 foiz yoki undan ko‘proq oshgan. Bu shaharlar qatorida Bryansk, Vologda, Kirov, Nijniy Novgorod, Oryol, Simferopol, Siktivkar, Tomsk, Ulyanovsk va Chelyabinsk bor.
Gripp instituti vaziyatni faqat 61 shaharda tahlil qiladi. «Izvestiya» nashri Rospotrebnadzorning hududiy xabarlarini tekshirib, Samara, Kaluga viloyatlari hamda Karachayevo-Cherkesiyada ham kasallanish normadan yuqori ekanini aniqladi.
Gripp epidemiyasi odatda olti-sakkiz hafta davom etadi, deb eslatdi doktor Aleksandrovskiy nomidagi tibbiyot markazi allergolog-immunologi Maksim Korshunov.
Mutaxassis fikricha, hozir kasallanish pasayish bosqichiga o‘ta boshlagan bo‘lishi mumkin, ammo yuqori ko‘rsatkichlar hali saqlanib turibdi.
«Invitro» tibbiyot markazi infeksionisti Andrey Pozdnyakovga ko‘ra, O‘RVI va gripp bilan kasallanish sezilarli darajada kamayishi may oyidan avval kuzatilmaydi. Yevropaning tibbiy markazi tez yordam bo‘limi rahbari Marina Berejnaya esa pasayish jarayoni aprel oxirida boshlanishini taxmin qilmoqda.