Rossiya Davlat Dumasi transport vositasini «ОСАГО» – majburiy sug‘urtasiz boshqarganlik uchun jarimaning maksimal miqdorini olti barobar oshirishni rejalashtirmoqda. Jarima 800 rubldan 5 ming rublgacha oshirilishi mumkin. Ushbu tashabbusni Rossiya hukumati, Ichki ishlar vazirligi va bozor ishtirokchilari qo‘llab-quvvatladi, deb xabar bermoqda «Коммерсантъ» nashri.
Davlat Dumasining davlat qurilishi bo‘yicha qo‘mitasi takroriy ravishda «ОСАГО» polisisiz avtomobilni boshqarganlik uchun 3–5 ming rubl miqdorda jarima joriy etish to‘g‘risidagi qonunni birinchi o‘qishda qabul qilishni tavsiya qildi. Tashabbus Kabardino-Balqariya parlamentiga tegishli.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 12.37-moddasi bo‘yicha qonunbuzarliklar eng ko‘p qayd etiladigan huquqbuzarliklar uchligiga kiradi. 2023-yilda ushbu modda bo‘yicha 2 milliondan ortiq javobgarlik belgilangan.
Rossiya avtosug‘urtachilar ittifoqining baholashicha, 7–10 foiz rossiyalik haydovchilar (2,5 milliondan 3,6 milliongacha odam) «ОСАГО»siz harakatlanadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, «ОСАГО» muammosi migrant-haydovchilar orasida ham juda dolzarb. Agar Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilsa, «ОСАГО» polisining yo‘qligi uchun jarimalar oshiriladi va bu migrant-haydovchilarning byudjetlariga ta’sir qiladi. Shuning uchun transport vositasi uchun majburiy sug‘urta polisini rasmiylashtirishni hozirdanoq boshlash tavsiya etiladi.