
18-sentyabr kuni Vladimir Putin Davlat Dumasida siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda migratsiya masalasi markaziy mavzu bo‘ldi. Turli partiyalar rahbarlari hamda Prezident Vladimir Putin muhojirlar bilan bog‘liq muammolar, patent tizimi, til imtihonlari va migrantlar oilalari masalasi haqida o‘z qarashlarini bildirdi.
Xo‘sh, ushbu uchrashuvdan migratsiyaga oid qanday ishoralarni sezish mumkin?
Oilaviy migratsiyaga cheklov va byudjetni tejash
Birinchilardan bo‘lib so‘z olgan “LDPR” rahbari Leonid Sluskiy migratsiya masalasini aholini eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri sifatida ta’kidladi. U Novosibirskdagi vaziyat misolida bu masalani juda keskin deb atadi:
«Migratsiya – bugun odamlarning eng ko‘p bergan savoli. Biz yaqinda Novosibirskda bo‘ldik, Lenin tumanidagi manzilga kirdik – bu yerda asosan migrantlar yashaydi. Axvol og‘ir: antisanitariya, odobsizlik”, dedi.
Shuning migrantlar oilalarini mamlakatga olib kelishini cheklash borasidagi taklifni ham bayon qildi.
“Rossiya fuqaroligi yo‘q bo‘lgan migrant oilalarini mamlakatga kiritishni cheklash lozim. Ishlash uchun kelgan odam kelsin, lekin katta oilasi bilan emas. Chunki bu maktablarda tartibsizlik, poliklinikalarda, ijtimoiy muassasalarda uzun navbatlar yuzaga keltiradi. Agar bunday cheklovlar kiritilsa, byudjetdan o‘nlab milliard rubl tejaladi, chunki ularni bepul o‘qitish, davolash talab etilmaydi», dedi Sluskiy.
Ko‘rinib turibdiki, liberal-demokratlar rahbari bu takliflar amalyotga joriy qilinsa, davlat byudjetini tejash, ijtimoiy sohaga tushayotgan ortiqcha bosimni kamaytirishi mumkin, deb hisoblaydi.
Patent tizimi va noqonuniy migrantlar
«Spravedlivaya Rossiya» rahbari Sergey Mironov ham so‘zga chiqib, patent tizimi samarasiz ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Rossiya Belorussiya tajribasidan o‘rnak olishi kerak:
«Vazir Reshetnikov yaqinda patent tizimini bekor qilish vaqti kelganini aytdi. Belorussiyada bunday emas. Kimga ishchi kerak bo‘lsa, olib kelsin, ishlatsin, ish haqini bersin va ular uyiga qaytsin», dedi u.
Mironov, shuningdek noqonuniy muhojirlar soni aniq emasligini tanqid qildi va qat’iy chora ko‘rish zarurligini aytdi:
«Mamlakatda qancha migrant yashayotganini hech kim aniq bilmaydi. Biz taklifimiz: agar migrant jinoyat qilsa, qonun bo‘yicha jazo olsin va butun oilasi bilan mamlakatdan chiqarilsin.»
Migrant farzandlarining ta’limi masalasi
Uchrashuvda migrantlar farzandlari uchun rus tili bilimlarini tekshirish masalasi ham muhokama qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘pchilik bolalar birinchi imtihondan o‘ta olmagan. 23 mingdan ortiq migrant bolalarining 87,4 foizi rus tilidan imtihonni birinchi martada topshirolmagan.
Yig‘ilishda rahbarlar ta’lim sifatini oshirish, maktablarda adaptatsiya, ya’ni moslashish dasturlarini kuchaytirish va til o‘qitishni yaxshilash zarurligini ta’kidlashdi.
Pul o‘tkazmalari va raqamli nazorat
Suhbatda migrantlar yuborgan pul mablag‘lari ham tilga olindi. Uchrashuvda yangragan taklifga ko‘ra, ularning pul o‘tkazmalari soliq nazoratiga olinishi kerak.
Aytishlaricha, migrantlar davlat byudjetiga taxminan 500 milliard rubl to‘lamaydi. Shuning uchun o‘z rasmiy maoshidan ko‘p pulni xorijga o‘tkaza olmaslik taklifini bildirishdi.
“Buning uchun “Migrant ID” raqamli profili barcha bank ilovalariga bog‘lansin. Agar migrant har oy 50 ming rubldan ko‘p pul o‘tkazsa va soliq to‘lanmagan bo‘lsa, bank hisobni muzlatsin. Qayta qoidabuzarlikda deportatsiya qilish lozim», deyildi muloqotda.
Bu orqali ular davlat byudjetga tushmagan mablag‘larning oldini olish va soliq tizimini shaffoflashtirishni ko‘zlamoqda.
Putin nima dedi?
Uchrashuvda Vladimir Putin bu masalalar qabul qilingan qarorlarning amalda ishlashi zarurligini urg‘uladi.
«Migratsiya bo‘yicha ko‘p qarorlar qabul qilingan, endi ularning bajarilishini ta’minlash zarur. Bu fuqarolar uchun juda nozik masala. Federal hamda mahalliy hokimiyatlar bu muammo yo‘q, deb ko‘rsatmasligi lozim. Masala bor, uni hal qilish kerak. Lekin buni kuzatib turmasdan hal qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun qabul qilingan qarorlarni yana takomillashtirishga ehtiyoj bor», dedi u.
Bu so‘zlardan ko‘rinadiki, Kreml migratsiyani nazorat qilishni davom ettirmoqchi va bu masalani strategik yo‘nalish sifatida ko‘rmoqda.
Uchrashuvdagi muhokamalar Rossiyada migratsiya siyosati yanada qat’iylashishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Bundan bir nechta ishoralarni sezish mumkin. Jumladan,
● migrant oilalari kirishini cheklash,
● patent tizimini qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish,
● migrantlarning aniq ro‘yxatini yuritish,
● jinoyat qilgan migrant va oilasini deportatsiya qilish,
● rus tili imtihonlarini kuchaytirish,
● pul o‘tkazmalarini nazorat qilish.
Bunday choralar orqali davlat ijtimoiy tizimga tushayotgan bosimni kamaytirish va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilmoqda. Ammo Rossiyada bugungi sharoitda bu vazifalarni uddalashning imkoni bormi? Bu vaqt hukmiga qolgan masala. Mavzuga yana qaytamiz.