Maqola

977 20/01/2025

Rossiya qamoqxonalaridagi markaziy osiyolik muhojirlar va ularning yaqinlari Migrant.uz bilan bog‘lanib, musofirlikda qamalib qolgan hamyurtlarimizga jazoning qolgan muddatini o‘z vatanlarida o‘tash taklif etilayotgani haqida ma’lum qildi. Muxbirimiz bunday taklif tafsilotlari bilan tanishib, Rossiya qamoqlarida bo‘lgan o‘zbekistonliklar qolgan jazo muddatini o‘z vatanida o‘tash imkoniyati mavjudligiga aniqlik kiritdi.

Anvarbek (ismi o‘zgartirilgan) 4 yil avval Moskvada o‘rta og‘irlikdagi jinoyatni sodir etgani uchun hozirda Rossiyaning Mariy El respublikasidagi koloniyada jazo o‘tamoqda. Migrant.uz bilan suhbatda Anvarbek, o‘zi bo‘lib turgan koloniyada markaziy osiyolik mahbuslarga qamoqxona ma’muriyati tomonidan jazoni o‘z vatanlarida o‘tash uchun iltimosnoma yozdirib olinganini aytib berdi. Anvarbek va uning oila a’zolari shu vaqtgacha ikki yildan ortiq ushbu imkoniyatni izlab, Rossiya va O‘zbekistonning turli davlat idoralariga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo shu vaqtga qadar bunday imkoniyat mavjudligi haqida hech qanday ma’lumot olishmagan. Endi esa bu yangilik ularga yangi umid bag‘ishlagan.

Anvarbekning singlisi Dilfuza Migrant.uz bilan suhbatda, ukasini «zona»da «xavfsizlikda bo‘lishi uchun» ikki-uchtadan ishda ishlashga majbur ekanini aytadi.

“Ukamga «peredachka» jo‘nataman, o‘zi nima kerakligini aytib, ro‘yxat yuboradi. Hammasini “Ozon”dan buyurtma berib, o‘sha shaharda odamlar topib, ularning yordamida ukamga kiritaman. Ukam chiqqan telefon balansini to‘ldirib turaman, aytgan kartalariga muntazam pul o‘tkazaman. Lekin shunda ham doimo xavotirda yuramiz. U yerdagi qiyinchiliklarni ba’zilarini aytib turadi. Yuragimiz notinch. Men va ota-onam Rossiya va O‘zbekistonning ko‘plab idoralariga murojaat qilganmiz. Rossiyaning “ФСИН” idorasi, Rossiya Adliya Vazirligi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozondagi konsulligi ham qolmagan. Har biridan «bunday protsedura mavjud emas» mazmunida bir xil javob olganmiz. Yaqinda ukam telefon qilib, koloniyaning rahbariyati taklifi bilan ikki marta o‘z vatanida qolgan jazo muddatini o‘tashni so‘rab ariza yozganini aytganida juda xursand bo‘lib ketdik. Endi butun oilamiz bilan o‘sha kunni kutib, kun sanayapmiz. Umid qilib, kutyapmiz”, deydi Dilfuza titroq ovoz bilan.

Migrant.uz bilan suhbatlashgan yana bir ayol yolg‘iz o‘g‘li hozirda Rossiyaning Tuva respublikasidagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotganini aytib, u ham shu mazmunda ariza yozganini ma’lum qildi. Dilxumor S., yaqinda o‘g‘lini koloniyaning ma’muriyati chaqirib, qolgan muddatni o‘z vatanida o‘tashni so‘rab ariza yozishga majbur qilganini aytadi. Dilxumorning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘liga bunday taklif birinchi marta berilgan. Avval boshqa qamoqdagi muhojirlarga shunday takliflar bo‘lganini ko‘p eshitgan ayol bunday imkoniyat haqiqatda bor-yo‘qligini bilishga urinib, Migrant.uzga murojaat qilgan.

“Biz kabi odamlarni ko‘p aldashadi. Yaxshi yangiliklarni gadosimiz, tushunsangiz kerak. Menikiga o‘xshagan vaziyatga tushgan ota-onalar va qarindoshlar uchun guruhimiz bor. U yerda xabarlar almashib turamiz. Oramizda aldanib qolganlar qancha-yu! Bilasizmi, muammo nimada? Bizning vaziyat bo‘yicha to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot topolmaysiz. Yandeksda qidirasan, “peredachka” qilayotib “okoshka” oldida so‘raysan, hech kim hech narsa demaydi. Hech kim bilmaydimi yoki bizdan yashirishadimi, tushunmayman. Shamol bo‘lmasa daraxtni uchi qimirlamaydi, deb izlayapman, Yo‘li bo‘lsa qilay. Lekin kimga murojaat qilib, kimga ishonish kerak, bilmayman. Bizni kimdir xabardor qilsa, nima bo‘layotganini aytib tursa shunaqa sarson bo‘lmasdik. Sochim oqarib, xalovatsiz yashayman shu bolamni deb. Har kuni kechasi yig‘lab chiqaman. Yolg‘iz farzandimning taqdiri shunday ekan, qabul qilishga majburmiz, bilasizmi?”— deydi Dilxumor yig‘lab.

Haqiqatdan ham, Rossiyada xorijlik mahbuslarni o‘z vataniga yuborish rejalashtirilayotganiga oid rasmiy ma’lumot mavjud emas. Ammo, avvalroq «Важные истории» nashri Rossiya koloniyalarida chet ellik mahbuslarga qolgan jazoni o‘z yurtlarida o‘tash taklif qilinayotgani haqida yozgan edi. Nashr o‘z manbalari va huquq himoyachisi Ivan Astashinga tayanib, bunday taklif faqat Markaziy Osiyo fuqarolari emas, balki barcha xorijiy mahbuslarga berilganini xabar bergan.

Huquq himoyachisi Astashin unga urushdan oldin Voronej viloyatidagi «ИК-8»ga tushib, hozirgacha jazo o‘tayotgan Ukraina fuqarosi murojaat qilganini ma’lum qilgan. Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik mahbus uzoq vaqt davomida jazoni o‘z vatanida o‘tash huquqini talab qilgan. Ammo bu talabi bo‘yicha birinchi marta 2024-yilning uchinchi choragida ariza qabul qilingan. Mahbusning o‘zi qamoqxona xodimlaridan jazoning qolgan muddatini o‘z vatanida o‘tash imkoni paydi bo‘lgani haqida xabar topgan. Ma’lum bo‘lishicha, bunday imkoniyat 2024-yili Rostov-na-Donuda hamda Volgograddagi qamoqxonalarda ro‘y bergan terroristik hujumlarning qaytarilmasligi maqsadida ishlab chiqilmoqda.

«Важные истории» manbalariga ko‘ra, Rossiyaning Mordoviya respublikasidagi 17-ahloq tuzatish koloniyasida rahbariyat barcha xorijiy mahbuslarni «statistikani o‘rganish» bahonasi bilan chaqirib, ularga vatanga yuborish mazmunida ariza yozishni taklif qilgan. Shundan so‘ng, Belarus fuqarosi bo‘lgan mahbus vataniga yuborish uchun tayyorlantirila boshlagan. Avvalroq, ushbu koloniyadan ko‘p marta Qirg‘iziston fuqarolari vatanlariga yuborilgan. «Важные истории» nashrining xabar berishicha, 17-koloniyada qirg‘izistonlik fuqarolar juda kam qolgan va ular ham vatanlariga yuborilishlarini kutishmoqda.

Nashr qolgan jazoni o‘tash uchun vatanga o‘tkazilish taklifi sobiq SSSR davlatlari fuqarolari bilan bir qatorda, AQSh va Polsha fuqarolariga ham berilganini, ular ham o‘z vatanlariga yuborishlarini so‘rab ariza yozganini xabar bergan edi. Huquq himoyachisi va sobiq siyosiy mahbus Ivan Astashin «ФСИН» xodimlariga barcha xorijiy fuqarolarni o‘z vatanlarida jazoni o‘tashga rozi bo‘lishlarini ta’minlash uchun topshiriq yuborilganini, xodimlar esa hammadan bir xil ariza to‘ldirib berilishi talab qilinganini [abar bergan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 16-iyun kuni Rostovdagi «СИЗО-1»da «Islom Davlati» (Rossiya va O‘zbekistonda taqiqlangan) nomidan olti mahbus izolyator xodimlarini garovga olgan edi. Voqea terror sifatida baholanib, hujum natijasida besh nafar terrorchi o‘ldirilgan, bir nafari jarohat olgan edi. Hujumchilar Rossiyaning Stavropol, Dog‘iston va Ingushetiyadan bo‘lgan.

2024-yil 23-avgust kuni esa Volgograddagi 19-koloniyada markaziy osiyolik mahbuslar yana taqiqlangan tashkilot nomidan qamoqxona xodimlarini garovga olib, terror uyushtirgan. Voqea natijasida rasman garovga olingan to‘rt nafar qamoqxona xodimi o‘ldirilgani ma’lum qilingan. Biroq kontrhujumdan so‘ng e’lon qilingan videolarda garovga olinganlar orasida mahbuslar ham bo‘lgani, ularning jasadlari yerda yotgani aks etgan. Kontrhujum natijasida jangari-mahbuslarning barchasi yo‘q qilingan.

2024-yil 26-oktyabrida esa Markaziy Osiyodan bo‘lgan 6 nafar mahbus Lipetsk viloyatidagi 2-koloniyadan qochib ketgan edi. «ФСИН» xabariga ko‘ra, muhojir mahbuslar 65 metrlik yer osti tunnelini qazib, u orqali qochishgan. Keyinroq qochoqlarning barchasi topilib, qamoqxonaga qaytarilgan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya