Maqola

408 20/12/2025

Rossiya Federatsiyasida ishlab yurib, turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan hamyurtlarimiz oz emas. Ayrimlar moliyaviy muammolarga uchramoqda, boshqalar esa turar joysiz qolib ketyapti. Ayrim hollarda tazyiq, majburiy mehnat yoki zo‘ravonlikka uchrayotganlar ham bor.

Shunday og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun Migratsiya agentligi tomonidan moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, Migratsiya agentligining Rossiyadagi Vakolatxonasi Moskva va Moskva viloyatida joylashgan 15 ga yaqin xostel va sutkalik mehmonxonalar bilan shartnoma tuzgan. Bu joylar vaqtincha turar joysiz qolgan hamyurtlar uchun mo‘ljallangan.

Agar siz og‘ir moliyaviy ahvol sabab turar joysiz qolgan bo‘lsangiz, Moskva shahri, 1-Kazachiy tor ko‘chasi, 11/2 uy (metro Polyanka) manzilida joylashgan Vakolatxonaga murojaat qilishingiz mumkin. Mutaxassislar vaziyatni o‘rganib chiqqach, 30 kungacha bepul yotoq joy ajratish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Vakolatxona bilan bog‘lanish uchun quyidagi telefon raqami ishlaydi:
+7 (925) 045-47-44

Hozirda shunday yordam tizimini Rossiyaning boshqa hududlarida ham joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, Shimoli-g‘arbiy, Ural, Sibir, Uzoq Sharq va Janubiy okruglarda xostel va mehmonxonalar bilan shartnoma tuzish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu yordam Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Xorijda ishlayotgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan barcha yordam paketlari bilan xorijdaish.uz sayti orqali tanishish mumkin.

Mutaxassislar hamyurtlarimizni befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda. Agar kimdir og‘ir vaziyatga tushib qolganini bilsangiz, ushbu ma’lumotni ulashish orqali unga yordam berishingiz mumkin.

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya