Maqola

320 22/07/2026

Rossiya Davlat Dumasi sudlangan chet el fuqarolari uchun migratsiya qoidalarini yanada qat’iylashtiruvchi qonunni qabul qildi. Yangi tartibga ko‘ra, sudlanganligi tugamagan yoki tugatilmagan xorijliklarga Rossiya fuqaroligi, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma (RVP) va yashash guvohnomasi (VNJ) berilmaydi. Agar bunday maqomlar avval berilgan bo‘lsa, ular bekor qilinishi ham mumkin.

Qonunda jinoyat Rossiya hududida yoki boshqa davlatda sodir etilganidan qat’i nazar, agar u Rossiya qonunchiligiga ko‘ra jinoyat deb hisoblansa, ushbu cheklovlar qo‘llanilishi belgilangan.

Bundan tashqari, 14 yoshdan oshgan chet el fuqarolari RVP yoki VNJ olish uchun murojaat qilayotganda sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishi shart bo‘ladi. Hujjat ariza topshirishdan ko‘pi bilan uch oy oldin fuqaroligi bo‘lgan davlatning vakolatli organi tomonidan berilgan bo‘lishi kerak.

Qonunda ayrim istisnolar ham nazarda tutilgan. Jumladan, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, qochqinlar, Rossiyadan boshpana olgan shaxslar, shuningdek, Rossiya Qurolli Kuchlarida shartnoma asosida xizmat qilayotgan yoki jangovar harakatlarda qatnashgan xorijliklar bunday ma’lumotnomani taqdim etishdan ozod etiladi.

Rossiyada faoliyat yuritayotgan huquqshunos Naimjon Davlatovning ta’kidlashicha, amalda migratsiya nazorati faqat migratsiya qoidalarini buzganlarga emas, balki jamoat tartibiga oid qator ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan xorijliklarga nisbatan ham keskin kuchaytirilmoqda.

Uning fikricha, yangi tartib bo‘yicha kichik bezorilik, miting va piket qoidalarini buzish, jamoat joylarida giyohvand moddalar iste’mol qilish, taqiqlangan ramzlarni namoyish etish, adovat qo‘zg‘atish, Rossiya Qurolli Kuchlarini obro‘sizlantirish, ekstremistik materiallarni tarqatish kabi qator huquqbuzarliklar migratsiya maqomiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Huquqshunos, ayniqsa, polisiya xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik bilan bog‘liq modda eng katta xavf tug‘dirishini qayd etadi. Uning aytishicha, amaliyotda bunday holatni rasmiylashtirish uchun ko‘pincha polisiya xodimining ko‘rsatmasi yetarli hisoblanadi. Shu sababli, ayrim migrantlar uchun bunday qarorlarni keyinchalik bekor qilish juda murakkab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Davlatov yangi qonundagi sudlanganlik yoki tugatilganlik talabi ko‘proq rasmiy xarakterga ega ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, sudlanganligi tugallanmagan shaxslarga amalda Rossiyaga kirishning o‘zi cheklanishi mumkinligi sababli, ularga RVP, VNJ yoki fuqarolik berilmasligi haqidagi norma mavjud tizimni qonun darajasida mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yangi qonun kuchga kirgach, Rossiyada yashash yoki fuqarolik olishni rejalashtirayotgan xorijliklar uchun nafaqat jinoyat sodir etmagan bo‘lish, balki ma’muriy huquqbuzarliklarga ham yo‘l qo‘ymaslik yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya