
2025-yilda Rossiya oziq-ovqat xizmati bozori sezilarli darajada o‘zgardi. Focus Technologies tahlil kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi oziq-ovqat muassasalarining umumiy soni so‘nggi bir yil ichida 3% dan ko‘proqqa kamaydi. Odamlar tobora ko‘proq ovqat buyurtma qilishmoqda, restoranlarda esa narxlarning oshishi va qimmat kreditlar tufayli ularning ishlashi qiyinlashmoqda.
Sushi-barlari va pitsaxonalar eng ko‘p zarar ko‘rdi. Sushi-barlari soni 7,5% ga kamayib, taxminan 7000 tani tashkil etdi. Pitsaxonalar 6,4% ga kamayib, taxminan 6300 taga tushdi. Kafe va oddiy restoranlar soni ham kamaydi.
Buning sabablari oddiy va hammaga ma’lum: ish haqi, ijara haqi va oziq-ovqat narxlari oshdi, kreditlar qimmatlashdi va ko‘plab mijozlar «dostavka» va do‘konlardan tayyor ovqat olishmoqda.
Shu fonda choyxonalar soni o‘sib borayotgani sezilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada ularning soni so‘nggi bir yil ichida 2,3 baravarga oshib, taxminan 340 ta muassasaga yetdi. Bu kafe va restoranlar soniga nisbatan kam bo‘lsa-da, ammo o‘sish juda tez.
Mutaxassislar buni choyxonalar har qanday daromad darajasidagi odamlar uchun mos bo‘lgan arzon va to‘yimli taomlarni taklif qilishi bilan bog‘lashadi. Bundan tashqari, Rossiyada bu turdagi oshxona ularga tanish bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlar soni ko‘pligi bilan izohlanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sushi-barlar va pitsaxonalarning yopilishi odamlar bunday taomlarga bo‘lgan mehrini yo‘qotdi, degani emas. Shunchaki ko‘pchilik endi uni uyga buyurtma qilmoqda, bu esa kichik restoranlarning bu yangi muhitda omon qolishini qiyinlashtirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Rossiya oziq-ovqat xizmati sanoati hozirda tabiiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda: qimmat va zaif muassasalar bozorni tark etadi, arzon narxlar va sodda taomlarga ega formatlar – masalan, choyxonalar – o‘z mijozlarini topadi va o‘sishda davom etadi.