
Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Davlat Dumasiga Vazirlar Mahkamasi hisobotida Rossiyada taxminan 840 ming migrant noqonuniy yurgani haqida ma’lum qildi.
«6-fevral holatiga ko’ra, ularning soni taxminan 840 ming», dedi u, o’tgan yili Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan, Rossiyada noqonuniy yashovchi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarni o’z ichiga olgan davlat ma’lumotlar bazasini ishga tushirganini eslatib.
Mishustin ushbu reyestrdagi fuqarolarning harakatlanishi, avtomobil boshqarishi, turmush qurishi va turli bank xizmatlaridan foydalanishi cheklanganligini ta’kidladi.
Bosh vazirning qo’shimcha qilishicha, 2025-yilda 72 ming kishi mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
25-fevral kuni Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin Rossiyada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari yaratilganini aytdi. Deputatning ta’kidlashicha, bu sohada 22 ta qonun qabul qilingan, ulardan 21 tasi allaqachon kuchga kirgan.