Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish uchun bu yerda tug‘ilish kifoya emasligi bilasizmi?
Ba’zi holatlarda tug‘ilganlik ham hisobga olinadi. Rossiya IIV bergan ma’lumotlar asosida Rossiya fuqaroligi berilishining shartlarini keltiramiz.
Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish va tugatish shartlari va tartibi 2023-yil 28-apreldagi 138-ФЗ-sonli “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida” federal qonuni bilan tartibga solinadi.
Mavjud qonunga ko‘ra Rossiyada tug‘ilgan bola quyidagi hollarda Rossiya fuqaroligini oladi:
– Bola tug‘ilgan paytda ota-onaning har ikkisi yoki yagona ota-ona Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lsa;
– Ota-onadan biri Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, ikkinchisi esa fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lsa;
– Ota-onadan biri Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, ikkinchisi chet davlat fuqarosi bo‘lib, bola Rossiya Federatsiyasi hududida tug‘ilgan bo‘lsa;
– Ota-onaning ikkisi yoki yagona ota-ona chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, Rossiya hududida doimiy yashasa va bola Rossiyada tug‘ilib, boshqa davlat fuqaroligini olmagan bo‘lsa;
– Ota-onadan biri Rossiya fuqarosi, ikkinchisi chet el fuqarosi bo‘lib, bola Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida tug‘ilgan, lekin tug‘ilgan davlat fuqaroligini olmagan bo‘lsa va bola tug‘ilgan davlatning vakolatli organi tomonidan fuqarolik berilmaganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilsa Rossiya fuqaroligini rasmiylashtirish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan deb hisoblanish uchun bola Rossiya bayrog‘i ostida suzayotgan suv yoki havo kemasida tug‘ilgan bo‘lishi ham yetarli, deb yozadi Rossiya IIV o‘zining rasmiy sahifasida.
Qolaversa, Rossiya IIV ma’lum qilishicha, agar bolaning ota-onasi noma’lum bo‘lsa, bola Rossiya Federatsiyasi hududida topilgan paytdan boshlab olti oy ichida boshqa davlat fuqarosi ekanligi aniqlanmasa, Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini oladi.