
Rossiyada xorijiy agentlar ishtirokidagi videolarga qo‘yilgan layklar birinchi marta jarimaga tortildi.
23-yanvar, juma kuni Murmansk oblastining Kovdor tuman sudi Rossiyada yashash huquqini olgan va xorijiy agentlar ishtirokidagi 139 ta videoga «layk» qo‘ygan keksa ukrainalik Vasiliy Yovdiyga 30 000 rubl miqdorida jarima soldi. Bu haqda sud veb-saytida xabar berilgan.
Sud, «Yovdiy V.M. Youtubedagi video ostida ma’qullovchi izohlar («layk» shaklidagi reaksiyalar) qoldirgan. Bunday materiallarni internetda ommaviy ravishda ma’qullash Rossiya Qurolli Kuchlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan», deb ta’kidlagan.
Sudda videolarning nomlari keltirilmagan, ammo ulardan birida 2024-yil dekabr oyida Moskvada suiqasd oqibatida halok bo‘lgan kimyoviy mudofaa kuchlari boshlig‘i general Igor Kirillovning o‘limi haqida so‘z boradi.
Erkak sud majlisiga kelmagan va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni so‘ragan. Sud xabariga ko‘ra, u o‘z aybini to‘liq tan olgan va qilmishlaridan pushaymon bo‘lganini bildirgan hamda yengilroq jazo so‘ragan.
Migrantlarga bunday siyosiy noroziliklar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va videolarga javob bermaslik tavsiya etiladi. Hatto oddiy layk, izoh yoki repost ham jinoiy harakatda ishtirok etish deb hisoblanishi va qonuniy yoki migratsiya maqomiga oid muammolarga olib kelishi mumkin.
Shuni yodda tutish kerakki, turli mamlakatlarda turli qonunlar mavjud va chet elliklar ko‘pincha siyosiy faoliyatda ishtirok etganliklari uchun qattiqroq jazolarga duch kelishadi.
Shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga va hissiyotlarni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan videolarga ishonishdan saqlaning.
Migrant ishchilar uchun eng muhimi, kelajakda jarima, deportatsiya yoki mamlakatga kirishni taqiqlashga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan qochish, o‘z ishlariga, hujjatlariga va shaxsiy xavfsizligiga e’tibor qaratishdir.