887 19/11/2024

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar «ВНЖ» olish imkoniyatiga ega — bu hujjat ular uchun Rossiya fuqarolari bilan deyarli teng huquqlarni ta’minlaydi. «ВНЖ» cheksiz muddatga yoki belgilangan vaqtga berilishi mumkin. Ushbu hujjatni olish uchun nomzodlar qanday shartlarni bajarishi kerakligini maqolamizda bilib oling.

«ВНЖ» olishning asosiy shartlari

Rossiyada «ВНЖ» olishning eng keng tarqalgan sharti — «РВП» ga ega bo‘lish va u bilan kamida sakkiz oy Rossiyada yashash. Bu eng ko‘p tarqalgan tartib. «РВП» olgandan keyin «ВНЖ» olish navbatdagi qadam hisoblanadi.

Ammo «РВП» «ВНЖ» olish uchun yagona asos emas. Bundan tashqari, ba’zi kategoriyadagi chet elliklar «РВП» olishni o‘tkazib yuborib, bevosita to‘g‘ridan to‘g‘ri «ВНЖ» uchun hujjat topshirishlari mumkin. Ushbu jarayonni rasmiy ravishda ««ВНЖ» ni soddalashtirilgan tartibda berish uchun asoslar» deb atashadi.

Agar umumlashtiradigan bo‘lsak, «ВНЖ» olish uchun asoslarni quyidagi ro‘yxatdagidek ajratish mumkin:

– Sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolari;
– «Переселение» dasturi ishtirokchilari;
– Belarus, Qozog‘iston, Moldova, Ukraina, DXR va LXR fuqarolari;
– Malakali mutaxassislar;
– Rossiya fuqarolari yoki «ВНЖ» ga ega bo‘lgan shaxslarning qarindoshlari;
– Rossiya oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining ayrim toifalari.

Bu to‘liq ro‘yxat emas — yana boshqa maxsus toifalar ham mavjud. Ammo bu ro‘yxat «soddalashtirilgan» tartibga «ВНЖ»ga da’vo qila oladigan asosiy toifalar.

2024-yilning oktyabr oyida Rossiya fuqarosi bilan umumiy farzandi bo‘lgan muhojirlarga «ВНЖ» olishda muhim o‘zgarishlar kiritildi. Endilikda rasmiy nikohi bo‘lmagan ota-onalar kamida uch yil oila bo‘lib yashayotganini sud orqali tasdiqlashlari kerak. Shundan keyingina «ВНЖ» olish uchun hujjatlarni topshirish mumkin.

«ВНЖ» olishning umumiy tartibi

Umumiy tartibda Rossiyada doimiy yashash ruxsatnomasini (ВНЖ) olmoqchi bo‘lsangiz ikkita shartni bajargan bo‘lishingiz kerak.

Birinchisi, «РВП» bilan 8 oy davomida Rossiyada yashagan bo‘lishingiz kerak.

Ikkinchi shart — «РВП»ning amal qilish muddatiga kamida 4 oy qolgan bo‘lishi kerak.

Bu ikki shart bajarilgan bo‘lsa «ВНЖ» olish uchun ariza topshirishingiz mumkin.

«ВНЖ» ni soddalashtirilgan tartibda qanday olish mumkin?

Rossiya qonunchiligi ko‘ra «РВП» bosqini o‘tkzib yuborib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni soddalashtirilgan tartibda «ВНЖ» olish mumkin. Soddalashtirilgan tartibda doimiy yashash ruxsatnomasini (ВНЖ) olish uchun asoslarni keltiramiz.

«ВНЖ»ni soddalashtirilgan tartibda qarindoshlik asosida olish mumkin. Aniqroq aytadigan bo‘lsak:

– Rossiyada «ВНЖ» ga ega bo‘lgan ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlari;
– Voyaga yetgan shaxslar, agar ularning ota-onasi yoki farzandlari Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lsa;
– Nogiron deb topilgan shaxslar, agar ularning ota-onasi yoki vasiysi Rossiya fuqarosi yoki doimiy yashash huquqi(ВНЖ)ga ega bo‘lsa soddalashtirilgan tartibda «ВНЖ» olishi mumkin.

Yana bir katta toifa — sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolari:
– RSFSR hududida tug‘ilgan va Sovet pasportiga ega bo‘lgan shaxslar;
– Qrim ASSR hududidan deportatsiya qilingan va reabilitatsiya qilingan shaxslar;
– Qozog‘iston, Moldova, DXR, LXR, Ukraina fuqarolari soddalashtirilgan tartibda “ВНЖ” olishlari mumkin.

Shuningdek, xalqaro shartnomalar doirasida Rossiyaga ko‘chib kelayotganlar, ya’ni «Переселение» dasturi ishtirokchilari ham
Soddalashtirilgan tartibda «ВНЖ» olishlari mumkin.

Tajribali mutaxassislarga ham «ВНЖ» beriladi

Rossiyada tajribali yoki istiqbolli mutaxassislarni jalb qilish dasturlari mavjud. Ushbu shaxslar ham soddalashtirilgan tartibda «ВНЖ» olishlari mumkin:
– yuqori malakali mutaxassislar (ВКС) va ularning oila a’zolari;
– Oliy o‘quv yurtlarining a’lochi bitiruvchilari;
– «Rossiya — imkoniyatlar mamlakati» tanlovi finalchilari;
– Raqamli texnologiyalar vazirligi dasturi orqali ko‘chib kelayotgan IT-mutaxassislari va ularning oilalari;
– Investorlar va ularning oilalari soda tartibdа «РВП» ni olmay, birdan “ВНЖ” olishlari mumkin.

Bunday toifalar uchun qo‘shimcha shartlar ham mavjud. Ularni doim inobatga olish kerak. Masalan, 2024-yilda yuqori malakali mutaxassislar mehnat shartnomasi muddati tugagan taqdirda, 30 kun ichida yangi shartnoma tuzmasa yoki boshqa ish topmasa,ularga berilgan «ВНЖ» avtomatik ravishda bekor qilinadi.

«ВНЖ» ga ega bo‘lgan chet elliklar imkoniyatlari

«ВНЖ» chet elliklar uchun yashash joyini erkin tanlash va Rossiya fuqarolari bilan teng sharoitda ishlash imkoniyatini beradi. Shuningdek, «ВНЖ» — Rossiya fuqaroligi olish uchun zarur bosqichdir. Qolaversa, bepul tibbiy xizmat, nafaqa, tadbirkor shaxs (ИП) sifatida ro‘yxatdan o‘tish va boshqa ijtimoiy imkoniyatlardan foydalanish huquqini beradi.

«ВНЖ» ning «РВП» va Rossiya fuqaroligidan farqi

«ВНЖ» chet ellikka Rossiya fuqaroligi bilan deyarli teng imkoniyatlarni beradi. Rossiyaga qo‘shimcha hujjatlarsiz kirish va chiqish, mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish va yashash joyini o‘zgartirish huquqini beradi. Shuningdek, bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish va ijtimoiy to‘lovlar olish imkoniyati ham mavjud.

Biroq, «ВНЖ» Rossiya fuqaroligiga bevosita teng emas. “ВНЖ”ni avtomatik ravishda yo‘qotish mumkin. Bundan tashqari, «ВНЖ»si borlar yil davomida Rossiya hududida kamida 183 kun yashashi shart. Agar «ВНЖ» ga ega bo‘lgan shaxs yarim yildan ortiq vaqt davomida mamlakatdan tashqarida bo‘lishni rejalashtirsa, bu holatni oldindan Migratsiya bo‘limi orqali tasdiqlatib, ketishi kerak.

«ВНЖ»ning «РВП» dan asosiy farqlari shundaki, 2019-yildan boshlab «ВНЖ» cheksiz muddatga beriladi, «РВП» esa uch yilga beriladi. Shuningdek, «РВП» chet ellikdan hujjat olingan hududda yashash va ishlashni talab qiladi. «ВНЖ» egalari esa istagan shahrida istagancha ishlashi va yashashi mumkin.

«ВНЖ» olingandan keyin nimalarni unutmaslik kerak?

2019-yildan boshlab «ВНЖ» cheksiz muddatga berilsa-da, hujjatni almashtirish kerak bo‘lgan vaqt bor. 14, 20 va 45 yoshga to‘lganingizdan keyin yoki ism-familiya o‘zgartirilganda «ВНЖ» ni almashtirish shart bo‘ladi.

«ВНЖ» ga ega bo‘lgan shaxs Rossiyada ishlashi, biznes ochishi yoki xorijda daromad manbaiga ega bo‘lishi kerak. Chunki «ВНЖ» egalari har 12 oydan keyin quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobot topshirishi shart:
– yashash joyi manzili (shaxsiy yoki ijara uyida);
– daromadlar haqida hisobot;
– xorijiy banklardagi hisob-kitoblar haqida ma’lumot (agar mavjud bo‘lsa);
– ish joyi to‘g‘risida ma’lumot;
– Rossiyadan tashqaridagi safarlar haqida ma’lumot.

Xulosa

So‘nggi yillarda Rossiyada «ВНЖ» olish jarayoni soddalashtirildi, bu asosan «imtiyozli toifalar»ning kengaytirilishi hisobiga amalga oshirildi. 2019-yilgacha «РВП» bo‘yicha bir necha yil yashash majburiy bo‘lgan bo‘lsa, endi turli toifadagi chet elliklar bu bosqichni o‘tkazib yuborishi mumkin. Hatto umumiy tartibda ham muddatlar qisqartirildi. «РВП» bilan 8 oy yashash «ВНЖ» olish uchun ariza topshirishga yetarli. Bularni inobatga olib, «ВНЖ» olish uchun asosingiz bo‘lsa bu hujjatni albatta rasmiylashtiring.

Qo‘shimcha savollaringiz va huquqiy yordam kerak bo‘lsa professional yuristlar yordamidan foydalaning.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya