
Downdetector xizmati maʼlumotlariga koʻra, Rossiyada WhatsApp va Telegram foydalanuvchilari videoqoʻngʻiroqlar xatosidan shikoyat qilishgan. Oxirgi 24 soat ichida so‘rovlar soni keskin oshdi, ularning aksariyati videoqo‘ng‘iroqlar paytida ulanish muammolari bilan bog‘liq.
Avvalroq mamlakatning yirik mobil aloqa operatorlari – MTS, Megafon, Beeline va Tele2 xorijiy messenjerlarda qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatini cheklashni taklif qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Kseniya Sobchak tashabbus haqida 9-avgust kuni ma’lum qilgan, ertasi kuni esa Forbes hukumatdagi manbaga tayanib, buni tasdiqlagan.
Maʼlumotlarga koʻra, operatorlar bu taklifni may oyi oxirida aloqa sohasini rivojlantirish boʻyicha strategik sessiyada bildirishgan. Ularning ta’kidlashicha, bunday chora messenjerlarni to’liq blokirovka qilishning oldini olishga, huquqni muhofaza qilish organlarining da’volarini olib tashlashga yordam beradi, shuningdek, telefon firibgarligi ko’lamini kamaytiradi. Tashabbusni yirik banklar vakillari ham qo‘llab-quvvatlagan, ular messenjerlar orqali noma’lum raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni bloklash mijozlarni himoya qiladi, deb hisoblaydi.
“На связи” loyihasida aytilishicha, Telegram’dagi nosozlik operatorlarning cheklovlar kiritish bo‘yicha takliflari fonida tasodifiy ko‘rinmaydi.
Avvalroq 1-avgustdan WhatsApp’ning bloklanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan Z-blogger Anastasiya Kashevarova bloklash asta-sekinlik bilan boshlanganini yozgan. Uning soʻzlariga koʻra, mobil internet orqali qoʻngʻiroqlar endi doimiy boʻlmaydi va yaqin kelajakda foydalanuvchilar WhatsApp va Telegram’ga qoʻngʻiroq qilishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.