“Continent Express” viza-migratsiya departamenti direktori Alla Gordiyenko o‘z kompaniyasining ma’lumotlariga asoslanib, Rossiyada xorijlik yuqori malakali mutaxassislar soni so‘nggi bir necha yil ichida 2/3 qismga kamayganini ma’lum qildi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bunday maqom asosan Xitoy, Hindiston va Singapurdan kelganlar uchun berilar edi.
“Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng migrantlar obrazi jiddiy o‘zgardi. Bizda 250 dan ortiq yirik mijozlar bor va ularga xizmat ko‘rsatamiz. Bizning statistikamizga ko‘ra, yuqori malakali mutaxassislar soni uchdan ikki qismga kamayib ketdi. Asosan bu Xitoy, Hindiston va Singapur fuqarolarida sezilmoqda, ular IT sohasiga faol jalb etilar edi. 2024-yilda ushbu fuqarolarga bo‘lgan ehtiyoj 2023-yilga nisbatan 40 barobar oshdi. Masalan, Keniya fuqarolariga bo‘lgan ehtiyoj 6 ming kishini tashkil qiladi”, — deydi Alla Gordiyenko.
Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyada faoliyat yuritadigan yirik xorijiy kompaniyalar ularda o‘z mamlakatlari vakillari ishlashini istaydi, biroq hozirgacha bunday mutaxassislarni jalb etish jarayonida muammolar mavjud.
Avvalroq “Коммерсант” nashri 2022-yildan keyin Rossiyaga mehnat migratsiyasi oqimi hech pandemiyadan oldingi darajaga qayta olmaganini yozgan edi. Xuddi shu ma’lumotlarni «РАНХиГС» tadqiqotlari ham tasdiqlaydi.
2023-yilda Rossiya mehnat bozorida xorijlik mehnat migrantlari soni taxminan 3,5 mln kishini tashkil qilgan. Bu pandemiyagacha bo‘lgan 2019-yil ko‘rsatkichidan deyarli 1 mln kishiga kamdir. Rossiyadagi xorijlik ishchilarning asosiy manbalari — O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bo‘lib qolmoqda.