
Agar siz Rossiyada ishlash va yashashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, bu mamlakatning madaniyati va kundalik hayoti bilan tanishib chiqishingiz muhim.
Eslab qoling: Rossiyaliklar uchun tartib-qoidalarga amal qilish, yolg‘on gapirmaslik, ishga o‘z vaqtida kelish, shartnoma va kelishuvlarga rioya qilish muhim.
Ular dam olishni yaxshi ko‘rishadi. Shuning uchun ham dam olish kunlarida, ishdan keyingi vaqtlarda ularni bezovta qilmang, qo‘ng‘iroq ham qilmang.
Shaxsiy hayotga aralashishlarini, haddan tashqari yaqinlikni ham yoqtirishmaydi.
Ha, yana bir gap: Rossiya erkin jamiyat. Kiyinish, yurish-turish madaniyati g‘arbona. Ayollar ham erkin kiyinadi. Bundan aslo qing‘ir xulosaga bormang!
Xo‘sh, nimalarni bilishimiz kerak? Eng muhimlarini sanab o‘tamiz!
Jamoat joylarida, transportda telefonda baland ovozda, dinamigini yoqib gaplashmang! Gadjetlar ovozini baland qilib musiqa eshitmang va klip ko‘rmang. Quloqchinlardan (naushnik) foydalaning!
Jamoat joylarida o‘zbek tilida o‘zaro gaplashganda ham boshqalarga halaqit qilmang, pichirlab gaplashmang va ona tilingizda askiyabozlik qilmang. Rossiyaliklar buni noto‘g‘ri tushunishlari mumkin.
Jamoat transportiga chiqqanda sumka va ryukzakni yelkangizdan qo‘lingizga olib oling. Shunda boshqalarga halaqit qilmaysiz.
Ko‘chada belgilanmagan joyga chiqindi uloqtirmang, hammaning ko‘z o‘ngida nos tuflamang.
Magazin, transport, apteka va boshqa joylarda navbatda turish tartibiga rioya qiling.
Uylar atrofidagi yoki parklardagi skameykalarga oyoq bilan o‘tirmang, bolalar o‘yingohidagi o‘rindiqlarni imkon boricha band qilmang.
Uy atrofidagi yoshi katta ayollarga salom berishni, ularga yaxshi muomala qilishni unutmang. Ularga ko‘p narsa bog‘liq.
Begonalarga hurmat bilan, sizlab murojaat qiling. Ko‘p odamlarimiz begonalarga rus tilida sensirab murojaat qilishadi. Bu ham yoqimsiz ko‘rinadi.
Qizlarga, ayollarga kiyimi, ko‘rinishi sababli shilqimlik qilmang, ularga odob va kiyinish bo‘yicha aql o‘rgatmang.
Yosh bolalar va ayniqsa, qizlar bilan bir liftga kirmang, ularni erkalamang. Pedofiliyada ayblanishingiz mumkin.
Yashash va ish joyida shovqin qilib, qo‘shnilarni bezovta qilmang. Shahardarda bu bo‘yicha maxsus qonunlar bor.
Yakshanba va dam olish kunlari remont va shovqin qilish taqiqlanadi.
Mashinalarni parkovka qilish qoidalariga rioya qiling. Pod’yezd, avariya chiqish yo‘li (avariynыy vыxod), zaxira chiqish yo‘li (“zapasnoy vыxod”) oldilari va trotuarlarni to‘sib, belgilanmagan joylarda mashina qoldirmang.
Odamlarni, ayniqsa yosh bolalarni ruxsatsiz rasmga olmang. Hozirgi paytda harbiy ob’yektlar, davlat tashkilotlari binolarini rasmga olmaganingiz ma’qul.
Siz begona yurtdasiz! Aytilgan muhim qoida va tavsiyalarga amal qilsangiz, Rossiyada ishlashingiz osonlashadi, yaxshi natijalarga erishasiz! Unutmang, o‘zga yurtdan kelganlarning ninadek kamchiligi yoki xatosi o‘sha mamlakat fuqarolariga tuyadek ko‘rinadi.
Agar sizni ish beruvchi aldasa, ish haqi to‘lamasa, yoki majburiy ishlarga jalb qilsa, Migratsiya agentligining @huquqiy_yordam_uzbot telegram-boti va +800-0000-1282 xalqaro bepul raqamiga raqamlari orqali Migratsiya agentligi mutaxassislari bilan bog‘lanib, har qanday hayotiy murakkab vaziyatlarda huquqiy maslahat yoki begaraz yordam olishingiz mumkin. Shuningdek, siz Rossiyada noqonuniy ishlayotgan bo‘lsangiz, bu sizning huquqlaringizni avtomatik tarzda bekor qilmaydi.
Har bir inson — hatto hujjatsiz bo‘lsa ham — shafqatsizlik va mehnat ekspluatatsiyasiga qarshi huquqqa ega. Esda tuting: qonunni bilish va uni ishlatish — bu kuchdir. Huquqingizni biling, himoya qiling va kerak bo‘lsa, yordam so‘rashdan uyalmang.