1-sentabr kuni Rossiyaning Nijegorodskaya oblastida, Samara – Moskva yo‘lida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Tojikiston fuqarosi boshqargan mikroavtobusda o‘zbekistonliklar ketayotgan edi.
Rossiya IIVB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa urilgan va mikroavtobus ag‘darilib ketgan.
Mikroavtobusda haydovchi bilan birga jami 12 kishi bo‘lgan, barcha yo‘lovchilar O‘zbekiston fuqarolari. Avariya natijasida sakkiz kishi halok bo‘lgan, qolgan to‘rt kishi, jumladan haydovchi, jarohat olib kasalxonaga yetkazilgan. Vafot etganlarning shaxsi va yoshi oshkor qilinmagan.
Hodisa joyida tergovchilar va yo‘l-patrul xizmati xodimlari ishlamoqda, ekspertizalar tayinlangan, deyiladi xabarda. Avariya yuz berishining dastlabki sababi mikroavtobus shinasining yorilishi deb taxmin qilinmoqda. RF Jinoyat Kodeksining 264-moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgani ma’lum, ushbu modda bo‘yicha yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.