Maqola

265 31/10/2025

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir video keng tarqaldi. Unda yo‘l yoqasida turgan, eski kiyimdagi qizaloq bilan o‘tkinchining suhbati aks etgan. Videoga olgan shaxs qizaloqdan ismini so‘raganda o‘zini Marhabo deb tanishtirib, o‘zbekistonlik ekanini aytadi. Video Dog‘istonda olingan.

Tabiiy go‘zalligidan hayratga tushgan sayyoh videoni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘ygan. Shu tasodifiy videodan keyin qizaloq mashhur bo‘lib ketdi, millionlab ko‘rishlar va izohlar yig‘di. Bolalar liboslari do‘konlari unga o‘z salonlarining yuzi bo‘lishni taklif qilishdi.

“Endi u 9 yoshidayoq professional modelga aylangan: turli reklama roliklarida suratga tushmoqda va har bir fotosessiya uchun 3 mingdan 5 minggacha pul topmoqda, oilasiga yordam bermoqda. Shunday qilib, bitta tasodifiy videodan boshlangan bu voqea haqiqiy omad chiptasiga aylandi. Bu holatni ertak qahramoni Zolushkaning qismatiga qiyoslayotganlar ham bor”, deb yozmoqda mahalliy pabliklar. Instagram’da sahifa ochilgan, obunachilari kun sayin ko’paymoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Marhabo 3 yoshida ota-onasi bilan Dog‘istonga ko‘chib borgan. Biroq otasi hujjatlar bilan bog‘liq muammolar sabab deportatsiya qilingach, onasi bilan ko‘chada qolgan. Besh yildan beri ko‘chada tilanchilik qiladi. Marhaboning bir akasi va opasi bor.

Hozir qizaloqni bir mahalliy ayol rasman vasiylikka olgan.

Biroq xorijda og‘ir sharoitlarda tilamchilikka majbur bo‘lgan ushbu qizaloq, uning aka-opasining taqdiri nima bo‘ladi? Ularning sog‘lig‘i, ta’limi qay ahvolda? Bola mehnatidan foydalanish qanday qonuniy asosda amalga oshirilmoqda? Amaldagi mahalliy va xalqaro qonunchilik normalariga mosmi? Ya’ni bolani ijodiy mehnat faoliyatiga jalb etish uning sog‘lig‘i, ta’limi va manfaatlariga zid bo‘lmagan holda amalga oshirilmoqdami?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, konsullik, Migratsiya agentligi holatni nazoratga olib, oilani O‘zbekistonga qaytarish choralarini ko‘rishi talab etiladi.

 

«Amina» dasturi, registratsiya, reyestr, patent, «zapret» va «vidvoreniye» haqida suhbat

Navigatsiya