Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda mamlakatdan 190,2 ming kishi chiqarib yuborilgan yoki deportatsiya qilingan — bu 2023-yilga nisbatan 31,1 foizga ko‘p. Ulardan 157 ming nafar chet ellik qonunbuzarliklar sababli majburan mamlakatni tark etgan (+44,6 foiz).
Rossiya IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning ma’lum qilishicha, 650 ming migrantdan faqatgina 18 ming nafari Rossiyada o‘z maqomini qonuniylashtirish huquqidan foydalangan. Prezident farmoniga ko‘ra, ularni chiqarib yubormasdan maqomini rasmiylashtirish imkoniyati 2025-yil 30-aprelgacha amal qiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada 6,3 million chet ellik fuqaro yashamoqda va ularning 89,2 foizdan ortig‘i mamlakatda qonuniy ravishda bo‘lib turibdi.
«Yangi yil arafasida Rossiya Federatsiyasi hududida 6,3 million chet el fuqarosi bo‘lgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,1 foizga ko‘p. Ulardan 89,2 foizi qonuniy asosda yashamoqda», — dedi Aleksandr Gorovoy Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan IX Xalqaro mehnat forumida.
«Chet elliklarning taxminan 60 foizi — O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston fuqarolari», — deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiyadagi 6,3 million xorijlikdan 1,4 mln O‘zbekiston fuqarolari, 1 mln tojikistonliklar, 663 ming Qirg‘iziston fuqarolari tashkil qiladi.
Shuningdek, 594 ming Belarus, 440 ming Ukraina, 271 ming Ozarbayjon, 259,7 ming Armaniston, 226,7 ming Qozog‘iston, 128,5 ming Turkmaniston va 124,9 ming Moldova fuqarolari bor.
IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Rossiyaga 9,5 milliondan ziyod kishi kirib kelgan. Ularning 37,9 foizi ishlash, 4,2 foizi o‘qish, 5,7 foizi turizm maqsadida, qariyb 30 foizi esa shaxsiy tashriflar uchun kelgan. Shu yili 9,3 milliondan ziyod kishi mamlakatni tark etgan.