312 30/07/2026

Rossiyada chiqarib yuborilgan chet el fuqarolari soni keskin oshgani haqida Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qilmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligida ushbu chora 43 700 nafar chet el fuqarosiga nisbatan qoʻllanilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 65,5% ga koʻpdir. Vyacheslav Volodin bunday oʻsishni Rossiya qonunchiligidagi jiddiy oʻzgarishlar bilan bogʻlaydi.

2025-yilgacha chiqarib yuborish faqat sud qarori bilan amalga oshirilar edi. Ammo 2025-yil fevralida Ichki ishlar vazirligiga bunday qarorlarni sudsiz, mustaqil ravishda qabul qilishga ruxsat beruvchi federal qonun kuchga kirdi.

Bundan tashqari, oʻtgan haftada chiqarib yuborish koʻzda tutilgan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks moddalari roʻyxatini ikki baravardan koʻproqqa kengaytirgan yangi qonun qabul qilindi. Ilgari ushbu roʻyxat 22 ta moddadan iborat edi, endi esa ular 45 tani tashkil etmoqda.

Ilgari javobgarlik giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, pedofiliya va jinsni oʻzgartirishni targʻib qilish, shuningdek, migratsiya qoidalarini buzganlik uchun belgilangan edi. Endilikda ushbu roʻyxatga chegarani qoʻriqlash paytida politsiya xodimi yoki harbiy xizmatchining qonuniy talabiga boʻysunmaslik, internetda haqoratli ma’lumotlarni tarqatish va jamoat tartibini buzish kabilar qoʻshildi. Shuningdek, chet elliklar RF Qurolli Kuchlarini obroʻsizlantirganlik, Rossiyaga qarshi sanktsiyalar joriy etishga chaqirganlik va turli belgilar boʻyicha kamsitganlik uchun ham chiqarib yuborilishi mumkin. Vyacheslav Volodinning iddaosicha, yangi choralar qonun va tartibni kuchaytirish hamda mamlakatda xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya