
Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan bo‘lsangiz Rossiyaga kirish, u yerda bo‘lish va ishlash qoidalarini o‘rganib qo‘yishingiz juda muhim. Bu sizni aldovlardan, noqonuniy ishlardan va kutilmagan muammolardan himoya qiladi.
Ishga ketishdan oldin boriladigan joy, u yerdagi sharoitlar, potensial ish beruvchi va mehnat shartlari haqida ma’lumot yig‘ing. Ish beruvchi tashkilot rasmiy faoliyat olib boradimi, mehnat shartnomasi tuziladimi, patent rasmiylashtirishga ketadigan 20-25 kun davomida ishga chiqish kerakmi, vaqtbay ish haqi to‘lanadimi yoki amalga oshirilgan ishga qarab pul to‘lanadimi kabi savollarga aniq javob oling. Ish bo‘ladigan hududda chet el fuqarolariga siz ishlamoqchi bo‘lgan kasb yoki faoliyatga cheklov bor-yo‘qligini surishtiring.
Imkon qadar Rossiyaga rasmiy kanallar orqali va oldindan shartnoma tuzish asosida borish choralarini ko‘ring. Migratsiya agentligi yoki lisenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari orqali ishga borganda ish beruvchi tekshirilgan bo‘ladi, rasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanilishi ta’minlanadi, oziq-ovqat va yotoq-joy masalasi aniq bo‘ladi, agentlik tomonidan fuqaro va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar ustidan doimiy nazorat amalga oshiriladi.
Rossiya chegarasidan o‘tishda chegarachiga pasport bilan birga uning rus tiliga tarjimasini taqdim qiling va migratsiya kartasiga pasport ma’lumotlari to‘g‘ri kiritilganini, hech qaysi raqam yoki xarf qolib ketmaganini, Rossiyaga kirishdan maqsad ish (syel v’yezda – rabota) ekanligini tekshirib, undan keyin imzo qo‘ying. Cheragachidan uzoqlashmay pasport va migratsiya kartasiga chegaradan o‘tganlik haqidagi shtamp qo‘yilgani va undagi sana to‘g‘ri ekanligini tekshirib oling. Agar xato bo‘lsa, chegarachidan to‘g‘irlab berishni so‘rang. Harf yoki raqamlardagi har qanday xato kelajakda hujjatlar bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.
O‘zingizga tegishli bo‘lgan barcha hujjatlar, chipta, talon va boshqa transport hujjatlari, shuningdek Rossiyada yurish paytida sizga nisbatan rasmiylashtirilgan har qanday hujjatlar nusxalari yoki rasmlarini ishonchli joyga saqlab qo‘ying. Bu narsa hujjatlarni tiklash, tegishli joylarda huquqingizni himoya qilish va tiklashda yordam beradi. Har qanday shartnomani tushunmasdan imzolamang.
Rossiyaga borganda 15 kun ichida turar joyi bo‘yicha migratsiya ro‘yxatidan o‘tish shart. Moskva shahri va viloyatida bu uchun “Amina” ilovasidan fyodalaniladi. Boshqa hududlarda esa Rossiiya Ichki ishlar vazirligining joylardagi Migratsiya yoki MFS bo‘limlarida, shuningdek gosuslugi.ru sayti orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Yangi kelgan muhojirda migratsiya kartasi asosida Rossiyada 90 kun bo‘lish huquqiga ega. Birlamchi “registratsiya” ham odatda shu muddatga rasmiylashtiriladi. 90 kundan keyin muhojir Rossiyani tark etishi yoki Rossiyada qolishga asosi bo‘lsa, “registratsiya” muddatini uzaytirib olishi shart.
Registratsiya qilish oson emas. Shuning uchun xostel yoki yotoqxonalarda (obejitiye) yashagan ma’qul. Bunda registratsiya bir sutkada bepul rasmiylashtirib beriladi. Boshqa joyga ko‘chib o‘tsangiz, 7 ish kunida “registratsiyani” yangi joyga ko‘chirishingiz shart bo‘ladi.
Rossiyada ishlash uchun patent rasmiylashtirish shart. Patentsiz ishlagan muhojirlar jarimaga tortiladilar va Rossiyadan chiqarib yuboriladilar. Chegaradan o‘tgan sanadan 30 kun ichida patentga hujjat topshirish kerak. 30 kundan oshgandan so‘ng 10 ming 15 ming rublgacha jarima to‘lab topshirish mumkin lekin buni qilmagan ma’qul, sababi ikkita ma’muriy huquqbuzarlikning mavjudligi Rossiyaga kirishga 3 yilga taqiq qo‘yishga asos bo‘ladi. Buning o‘rniga 90/365 qoidasini buzmagan holda chegaraga chiqib kelib, qayta registratsiyadan o‘tish va patentga hujjat topshirish to‘g‘ri bo‘ladi;
“Registratsiya” MVD bazasidan chiqmasa, patent berilmaydi. Patentga hujjat topshirishdan avval registratsiya MVD bazasida borligiga ishonch hosil qilish kerak. Patent berishda rad qilinsa, bir yil davomida yangi patent rasmiylashtirib bo‘lmaydi va Rossiyani tark etishga to‘g‘ri keladi.
Patent faqat u berilgan hududda ishlash huquqini beradi. Ba’zi hududlarda patentda kasb yozilishi mumkin. Bu faqat shu kasb bo‘yicha ishlash huquqi borligini bildiradi;
Patent muddati u uchun oldindan to‘langan to‘lovga bog‘liq. Lekin, berilgan kunidan 12 oygacha amalda bo‘ladi. Bir oyga to‘lov qilinsa, bir oyga muddati uzaytirilgan hisoblanadi. Patent to‘lovida patent orqasidagi berilgan sana bo‘yicha hisoblanadi. To‘lovni har oy shu sanadan bir kun oldin amalga oshirish kerak. To‘lov bir kunga kechiksa ham patent muddati tugagan hisoblanadi va chegaraga chiqib kelib, boshqa patent qilishga to‘g‘ri keladi;
Patent olgandan keyin ikki oy ichida ish beruvchi bilan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy (GPX) shartnoma tuzishlari va shartnomaning nusxasi va maxsus “uvedomleniye”ni migratsiya bo‘limiga topshirish shart. Aks holda, patent bekor qilinadi va bir yil ichida boshqa patent berilmaydi.
Ishga kirishdan avval, albatta yozma ravishda mehnat shartnomasi tuzilishi kerak. Shartnoma ikki nusxada tuziladi, biri sizda qoladi. Shartnomada ish beruvchi, ishchi, shartnoma predmeti, ish joyi, vaqti, ish haqi kabi asosiy ma’lumotlardan tashqari muhojir patenti va uning sug‘urta polisi haqida ma’lumotlar bo‘lishi shart. Patent asosida ishlayotgan muhojir o‘zi bilan sug‘urta polisini olib yurishi shart.
O‘zbekiston fuqarolari Rossiya mehnat qonunchiligida ko‘rsatilagan barcha kafolat va kompensatsiyalardan foydalanish huquqiga egalar. Xususan, bir yilda bir 28 kunlik to‘lanadigan ta’tilga chiqish (otpusk), dam olish kunlarida (shanba, yakshanba va rasmiy bayramlar) ishlamaslik, dam olish kunlari yoki ishlaganlik uchun ikki barobardan kam bo‘lmagan stavkada ish haqi olish huquqiga egalar.
Ish jarayonida shu korxona yoki ish beruvchida mehnat qilganingizni tasdiqlovchi hujjatlar, suratlar, ish haqingiz bo‘yicha yozma va raqamli dalillarni yig‘ib boring. Iloji bo‘lsa, suhbatlarni yozib oling.
Patent mehnat muhojiriga tegishli hujjat. Uni ish beruvchi olib qo‘yishi yoki davlat tashkilotiga ariza berib bekor qildirish mumkin emas;
Hech kimga pasportni bermaslik kerak. Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun uy egasi yoki tashkilot vakili bilan birga borish mumkin. Pasport yo‘qolgan yoki olib qo‘yilgan taqdirda uni elchixona orqali tiklash mumkin;
90/365 qoidasi mavjud. Unga ko‘ra muhojir oxirgi 365 kun ichida 90 kundan ortiq Rossiyada patentsiz yurib bo‘lmaydi. Aks holda, Rossiyaga kirishga 3 yilga taqiq qo‘yishlari mumkin.
Agar sizni ish beruvchi aldasa, ish haqi to‘lamasa, yoki majburiy ishlarga jalb qilsa, Migratsiya agentligining @huquqiy_yordam_uzbot telegram-boti va +800-0000-1282 xalqaro bepul raqamiga raqamlari orqali Migratsiya agentligi mutaxassislari bilan bog‘lanib, har qanday hayotiy murakkab vaziyatlarda huquqiy maslahat yoki begaraz yordam olishingiz mumkin.
Shuningdek, siz Rossiyada noqonuniy ishlayotgan bo‘lsangiz, bu sizning huquqlaringizni avtomatik tarzda bekor qilmaydi. Har bir inson — hatto hujjatsiz bo‘lsa ham — shafqatsizlik va mehnat ekspluatatsiyasiga qarshi huquqqa ega.
Esda tuting: qonunni bilish va uni ishlatish — bu kuchdir. Huquqingizni biling, himoya qiling va kerak bo‘lsa, yordam so‘rashdan uyalmang.