
Rossiyaga ko’chib keluvchilar soni sezilarli darajada kamaygan. 2024-yilda ko’chib kelish dasturidan 31,7 ming kishi foydalangan. Ularning aksariyati Qozog’iston va Tojikiston fuqarolari. Biroq bu 2011-yildan beri eng past ko’rsatkich bo‘ldi, deb xabar beradi “Orda.kz” nashri.
Hatto Ukrainadagi urushning boshlanishi va Rossiyada mobilizatsiya e’lon qilinishiga qaramay, 2022-yilda Rossiyaga ko’chib kelish uchun dasturda 112,7 ming kishi ishtirok etgan edi. Biroq ularning atigi 65 ming nafari haqiqatda ko‘chib kelgan, deb yozadi Dvnovosti.ru nashri Rossiya Ichki ishlar vazirligi hisobotiga tayanib.
Rossiya IIV hisobotida do‘stona bo‘lmagan davlatlardan ko’chib kelmoqchi bo’lganlar soni ko’pligi ta’kidlangan, bunga asosiy sabab u mamlakatlardagi «repressiv siyosat» va «millatchilikni rag’batlantirish» deya ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Rossiya hukumati 2024-yildan boshlab ko’chib keluvchilar uchun rus tilini bilish bo’yicha majburiy imtihon joriy etilganini ta’kidlamoqda. Qozog’iston, Belarus, Moldova va Ukraina fuqarolari uchun bu istisno, ya’ni bu mamlakatlardan kelayotganlarga imtihon topshirish majburiyati qo‘yilmagan.