202 22/12/2025

Rossiyada muvaffaqiyatli ishlash va yashash uchun faqatgina jismoniy kuch emas, balki to‘g‘ri muloqot, tilni tushunish va psixologik moslashuv ham katta ahamiyatga ega.

Asosiy muloqot tili bo‘lgan rus tilini bilish mahalliy aholi bilan muloqotda, ayniqsa ish joyida va davlat idoralarida, shuningdek, muammoli vaziyatlarda katta yordam beradi. Tilni bilishingizga qarab sizga bo‘lgan munosabat yoki muomala ham o‘zgarishi mumkin.

Shuning uchun Rossiyada yashashni rejalashtirgan har bir fuqaro uchun asosiy rus so‘zlarini o‘rganish va oddiy jumlalarni tushunish — kundalik hayotni yengillashtiradi. Mutaxassislar rus tilida kamida 500 ta so‘zni, erkinroq gaplashish uchun esa 3000 ta so‘zni bilishni tavsiya qilishadi. Til o‘rganish — sizga ish beruvchilarning hurmati va ishonchini oshiradi.

Muloqotda esa quyidagilarga e’tibor bering:
Rossiyaliklar, odatda, rasmiy va qisqa gapirishadi. Salomlashish, ruxsat so‘rash, minnatdorchilik bildirish — odob belgisi hisoblanadi.

Haddan ortiq shaxsiy savollar, tanishmagan inson bilan haddan tashqari samimiylik — noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Rus tilini qanday o‘rganish mumkin?

Birinchi navbatda, Migratsiya agentligining Youtube kanaliga joylangan rus tilini o‘rgatadigan soddalashtirilgan onlayn kurslarini ko‘rishni tavsiya qilamiz. ()

Shuningdek, “Ibrat farzandlari” loyihasining Ibrat Academy mobil dasturi ham bor.

Labormigration.uz saytida esa O‘zbekistondagi Monomarkazlar qoshida ochilgan rus tili kurslaridan va Youtube platformasidagi turli til bloglaridan o‘rgansa bo‘ladi.

Patent olish uchun topshiriladigan “Rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari” bo‘yicha imtihonga tayyorgarlik ko‘rish uchun RuTestMigrant telegram kanalida imtihon savollari viktorina tarzida berilgan.

Qolaversa, chet el fuqarolari uchun test markazi saytidan demo testlarni ko‘chirib olish mumkin.

Kuniga atigi 20 daqiqa ajratsangiz ham, asta-sekin tilni o‘rganib olasiz.

Psixologik jihatdan esa boshida biroz qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin:
Yangi muhit, yolg‘izlik hissi, til to‘sig‘i yoki ijtimoiy bosim.

Chet elda ishlash bu faqat ish emas, balki emosional va ruhiy sinov hamdir. Yolg‘izlik, sog‘inch, til bilmaslikdan kelib chiqadigan tushkunlik tabiiy holat. Muammo tug‘ilganda, boshqa yurtdoshlaringiz bilan suhbatlashish, maslahat olish, ijobiy narsalarga e’tibor qaratish kerak.

Xulosa qilib aytganda, til o‘rganish va psixologik tayyorgarlik — Rossiyaga muvaffaqiyatli moslashishning ikki asosiy kalitidir.

Agar sizni ish beruvchi aldasa, ish haqi to‘lamasa, yoki majburiy ishlarga jalb qilsa, Migratsiya agentligining @huquqiy_yordam_uzbot telegram-boti va +800-0000-1282 xalqaro bepul raqamiga raqamlari orqali Migratsiya agentligi mutaxassislari bilan bog‘lanib, har qanday hayotiy murakkab vaziyatlarda huquqiy maslahat yoki begaraz yordam olishingiz mumkin. Shuningdek, siz Rossiyada noqonuniy ishlayotgan bo‘lsangiz, bu sizning huquqlaringizni avtomatik tarzda bekor qilmaydi.

Har bir inson — hatto hujjatsiz bo‘lsa ham — shafqatsizlik va mehnat ekspluatatsiyasiga qarshi huquqqa ega. Esda tuting: qonunni bilish va uni ishlatish — bu kuchdir. Huquqingizni biling, himoya qiling va kerak bo‘lsa, yordam so‘rashdan uyalmang.

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya