559 31/12/2025

Markaziy osiyolik ayol-migrantlarning mehnat huquqlari bilan bog‘liq muammolar va diskriminatsiya

– Rossiyaga nima maqsadda kelayapsiz?
– Ishlash uchun…

Markaziy osiyolik migrant uchun millatchilik va kamsitilish bu mamlakatga qadam qo‘ygan paytdan boshlanadi.

Pasport nazoratidagi munosabat uning muhojirlik davri mobaynida boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan voqealar oldida ahamiyatini yo‘qotadi.

«Moskvada migrantlarga bo‘lgan «yovqarash» tobora kuchayib borayapti. Urush sababli iqtisodiy vaziyatning yomonlashib borayotgani rossiyaliklarni yanada agressiv qilib qo‘yganga o‘xshaydi. Odamlar alamini xuddi migrantlarga sochib chiqarayotgandek ko‘rinadi», deydi kasalxonada farroshlik qilayotgan samarqandlik Guli.

Rossiyaga 8 yil oldin ishlashga kelgan migrant ayol avvaliga o‘zi ish topib joylashgani, keyin oila a’zolariga ham ish topib chaqirganini gapirib berdi.

«Tibbiyot kollejini tamomlaganman, hamshira bo‘lib ham ishlay olaman. Ammo migrantlarni past ko‘rishlari sababli o‘z soham bo‘yicha ishga qabul qilishmadi. Farroshlikka rozi bo‘ldim, ammo yurtdoshlarimiz kasal bo‘lib qolsa, chaqirishadi. Ukol qilaman, davolanishlarida qo‘limdan kelganicha yordam beraman».

Guli Rossiyada qonuniy yashab ishlaydi: migratsiya qaydi va ishga ruxsat beruvchi patentga ega. Mehnat shartnomasi ham bor.

«Mehnat shartnomasi nomiga tuzilgan, amalda ishlamaydi», deydi u.

Muhojir ayol hayotidagi eng og‘ir kunlarini ham aynan mehnat shartmasi «ishlamasligi» tufayli boshidan kechirganini aytadi.

«Muhojirlikning to‘rtinchi yilida homilador bo‘ldim. U paytlarda oshxonada ishlardim. Rejam bo‘yicha homilalikning 7 oyigacha ishlab, so‘ng dam olmoqchi edim. Turmush o‘rtog‘imning oyligi nisbatan oz edi.  Moskvadagi harajatlarimizdan orttirib, uy olish uchun pul yig‘ayotgandik. Ikki kishi bo‘lib ishlamasak, muhojirlikda ko‘p yil qolib ketishimiz mumkin edi. Shu sababli homiladorlikda ham uyga ketmaslikka qaror qilgandim.

Bir uyda qarindoshlarimiz bilan yashardik. Qaynsinglim ham yaqinda farzandli bo‘lib, uyda o‘tirgandi. Men ham tug‘sam, chaqalog‘imga qo‘shib qaraydigan bo‘ldi. Shunday qilib, rejalarimizni tezroq amalga oshiramiz degan qarorga kelgandik.

Oshxonada boshlig‘im rus ayoli edi, ba’zan qiziqib hayotimiz haqida so‘rardi. Men unga biroz gapirib bergandim. Aynan shu narsa o‘zimning zararimga ishladi.

Boshlig‘im bizning uy olish maqsadidagi harakatlarimizni chorasizlik deb, bizga juda past nazar bilan qarashini ko‘rsatdi.

Homiladorlikning sakkizinchi oyida ta’tilga chiqishimga ruxsat bermadi. «Ketsang, o‘rningga doimiy odam olaman», deb turib oldi. Men 3 oyga ruxsat so‘ragandim.

Ishsiz qolmay deb, so‘nggi oyda ham ishladim. Homilador deb meni ayagani, ishdan biroz yengillik bergani yo‘q. Oxirgi xafta o‘zimni juda yomon his qilganimdagina, menga ruxsat berib o‘rnimga vaqtinchalik xodim topdi.

Chaqalog‘im 2 xaftaligida yana ishga qaytdim, yana eski tartibda ishladim. Xuddi men yangi tug‘magan ayoldek, uyda chaqalog‘im yo‘qdek, oldingi ishchidek munosabat ko‘rdim.

Xo‘rligim kelardi, uy olsak hammasi esimizdan chiqib ketadi, deb o‘zimni ovutardim.

Agar biz uchun qonunlar ishlaganida, shu ahvolga tusharmidik»

Gulining vaziyatida mehnat qonunchiligiga amal qilinmagan: na homiladorlik ta’tili berilgan, va na to‘lovi qilingan.

Rossiyada aksar hollarda migrant ayollar bilan bog‘liq qonunga amal qilinmaslik holatlari kuzatiladi.

Toshkent viloyatidan Ryazanga ishlashga borgan Shaxlo esa, ish joyida hushidan ketib qolganda ham uyiga ketishga ruxsat berilmaganini gapirdi.

Jismoniy mehnat va og‘ir ruhiy holatlar Rossiyadagi migrant ayollarga nisbatan qullarcha munosabatni ko‘rsatadi.  Ularni «ikkinchi darajali inson» yoki «qora ishchi» sifatida kamsitilishiga misol bo‘ladi.

«Men rus tilini yaxshi bilganim uchun mahalliy aholi bilan munosabatim yaxshi, rus jamiyatiga tez moslashdim, deb o‘ylardim», deydi Nigina.

Tojikistonlik o‘zbek bo‘lgan bu ayol Moskva viloyatidagi rus oilalarining birida enaga bo‘lib ishlagan. U o‘zi 3 yil ishlagan xonadondan juda yomon taassurot bilan ketganini gapirib berdi.

«3 yil davomida bu oilaga mehr qo‘ygandim, vazifam bo‘lmagan ishlarni ham qilib oilamdek ko‘rgandim. Ular ham menga juda yaxshi muomala qilganliklari uchun o‘zimdek tasavvur qilgan ekanman.

Oilaga chaqaloq tug‘ilganida ishga kelganman. Hozir bolacha 3 yoshga to‘layapti, uni o‘zim katta qilganman. Bolani uxlatib, uy tozalardim, ovqatlar qilib qo‘yardim. Aslida uy ishlari mening vazifam emasdi.

Bir kuni «xozyaykam» tilla uzugi yo‘qolib qolganini aytdi. Izlamagan joyimiz qolmadi, o‘zim qo‘shilib qidirdim. Topilavermagandan keyin, mening xonamni kirib tintishdi. Bu menga juda og‘ir botdi, lekin indamadim.

O‘zaro men haqimda shubhalanib gapirishayotganini eshitib qoldim. Kirib, men olmaganimni ochiq aytdim. «Xozyaykam»ni jahli chiqib turgan ekan, menga baqirib ketdi. «Qashshoq o‘g‘ri, nonko‘r» dedi menga.

Shu kuni bildimki, bu uyda men hech qachon oila a’zosidek bo‘lmaganman. Hamisha «tojik ishchi» sifatida ko‘rilganman.

Yig‘lab-yig‘lab narsalarimni yig‘ishtirib uydan ketdim. «Politsiyaga beraman» deb baqirib qoldi orqamdan. Mayli, dedim. Uzugini men olmagandim.

Oradan bir xafta o‘tmay, «xozyaykam»ni eri qo‘ng‘iroq qildi. Uzuk topilibdi. Ishga qaytishing mumkin, Vova senga o‘rganib qolgan, seni sog‘indi, dedi. O‘zim katta qilgan bolachamga mehrim tushib qolgandi, ammo u uyga qaytmadim. 3 yil qilgan mehnatlarim va fidoyiligimga kamsitilish va xo‘rlanish bilan javob olganim menga qattiq alam qildi»

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 300 mingdan ziyod o‘zbekistonlik ayollar mehnat muhojirligida. Ularning aksari, xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlashmoqda.
Migrantlar uchun mehnat shartnomasiga va undagi talablarga amal qilinmaslik bu mamlakatda qariyb odatiy holga aylangan.

Yurist Zarnigor Omonillayeva yangi yil bayrami arafasida o‘zbekistonlik migrantlar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

31 dekabrdan 12 yanvargacha Rossiyada yangi yil munosabati bilan dam olish kunlari deb e’lon qilingan.

Yurist tahlilchi shu kunlar davomida migrantlardan bayram ta’tili berilishi va ish haqiga qo‘shimcha haq to‘lanishi haqidagi savollar o‘rin olgan.

So‘rovnomada ishtirok etgan mehnat muhojirlarining 52 foizi bayram kunlari ishlashini ma’lum qilgan.

«Bayram kunlari rasmiy ishlayotgan migrantlar ishga jalb qilinsa ikki barobar haq olishlari kerak. Bu tartib Rossiya Mehnat kodeksining 153 moddasida belgilangan (st 153 TK RF).

Agar kunlik maosh olsangiz kunlik haqqingiz bayram kuni ishlaganingiz uchun 2 ga ko‘paytirilib to‘lanadi. Soatlik olsangiz soatlik haqqingiz 2 ga ko‘paytirilib to‘lanadi va h.k.

Albatta, kollektiv shartnoma boshqa tartibda maosh to‘lanishini belgilashi mumkin. Lekin qanday tartib belgilanishidan qat’iy nazar ikki barobardan kam to‘lab bo‘lmaydi. Yana kollektiv shartnoma bo‘yicha ikki barobardan KO‘PROQ to‘lashlari mumkin, ozroq emas.

Agar bayram yoki dam olish kunlari Mehnat shartnomasida belgilangan huquqingiz maosh masalasida yoki kelishuv, ish yuklamasi borasida buzilayotgan bo‘lsa unda Mehnat inspeksiyasiga yoki sudga murojaat qilib himoyaga erishishingiz mumkin. Mehnat inspeksiyasiga Gosuslugi onlayn orqali ariza beriladi», deya xotirlatdi yurist Zarnigor Omonillayeva.

Rossiyada Markaziy Osiyolik muhojir ayollarning mehnat huquqlari masalasi faqat iqtisodiy emas, balki inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy muammodir. Ularning mehnati ko‘rinmas bo‘lib qolayotgani, huquqlari esa tizimli ravishda poymol etilayotgani jamiyat uchun uzoq muddatli xavflarni keltirib chiqaradi. Ayol migrantlarni himoya qilish – bu nafaqat adolat masalasi, balki barqaror ijtimoiy rivojlanish shartidir.

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya