Maqola

443 18/12/2024

Bir necha yillardan beri AQSHda istiqomat qiluvchi taniqli sport jurnalisti va agenti San’at Sharipov Moskva aeroportida duch kelgan holatlar haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida post qoldirdi. U ikkinchi uyi deb hisoblaydigan Moskvada 3 soatdan ortiq qolib ketgani va jiddiy tekshirilganidan hayratda ekanini, markaziy osiyoliklarning sutkalab ushlab turilganidan qoni qaynab ketganini bayon qiladi:

«Dahshat! Moskvani ikkinchi uyim deb bilaman. Talabalik davrimni o‘tkazganim uchun bo‘lsa kerak. AQSHda istiqomat qilsam ham Moskva baribir man uchun qadrdon shahar. Lekin bugun umrimda birinchi bor aeroportda chegara xizmati xodimlari tomonidan juda jiddiy va uzoq tekshiruvga duch keldim.

Menga o‘xshagan o‘nlab markaziy osiyoliklar aeroportda olib o‘tirilibdi. Hech qachon 3 soat qolib ketmagandim. 13 soatdan buyon aeroportda ushlab o‘tirganlar bor ekan. Ayrim yurtdoshlarimiz Moskvadan Rossiyaning boshqa shaharga uchib ketishi kerak, lekin chegarada ushlab o‘tirilganligi uchun keyingi reyslarga ulgurolmagan va natijada o‘z cho‘ntagidan yangi chipta xarid qilishiga to‘g‘ri keldi. Ularning “aviachiptani alishtirib berasizlarmi?”, degan savoliga passport nazoratadigilar “Bu – bizni muammo emas. Yangi bilet olib uchib ketaverasan”, degan javobini eshitib o‘z-o‘zidan hayratda qolasan. Ayni shu lahzalarda o‘zbek degan qoning yanada kuchliroq qaynarkan, lekin qo‘lingdan hech narsa kelmaydi…

Har bir odam bilan alohida suhbat. Asosiy savollar «Ukrainada kiming bor?», «Krokus siti»dagi hujum haqida nima deysan?»

Farqi yo‘q, ko‘rinishing, fuqaroliging qaysi mamlkatniki bo‘lishidan qat’iy nazar har ikkinchi odam chegarada to‘xtatilmoqda. Bunaqa Moskvani oldin ko‘rmagan edim…Bizga kelayotganlar rossiyaliklarni biz ham soatlab chegarada kuttirishimiz kerak! Biz bunday munosabatga loyiq emasmiz!»

Aytish kerakki, so‘ngi yarim yil ichida Rossiya aeroportlarida markaziy osiyoliklar uchun nazorat kuchaygan, tekshiruvlar va deportatsiyalar surunkali ravishda davom etmoqda. Yuzlab o‘zbekistonliklar aeroportlarda qolib ketganidan, qaytarilganidan shikoyat qilmoqda. Hozircha umumiy vaziyat muhojirlarimiz uchun yaxshi tomonga o‘zgarganicha yo‘q.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya