2024-yil oxiriga kelib Rossiyaning 10 dan ortiq shahrida yer usti jamoat transportida yo‘l haqini geolokatsiya orqali to‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bu haqda TAСС xabar bermoqda. Bunday to‘lov tizimining mohiyati shundaki, yo‘lovchi maxsus ilovadan foydalanib geolokatsiyani yoqadi va jamoat transportida bosib o‘tilgan masofaga qarab yo‘l haqini to‘laydi.
Bu usul yo‘lovchilarga butun marshrut uchun to‘lash o‘rniga, faqat haqiqiy bosib o‘tilgan masofa uchun haq to‘lash imkoniyatini beradi. Loyihaning qulayligi yagona tariflarga qaraganda tejamkorlikdadir. Hozirgi kunda bu tizim Tver viloyati, Yaroslavl viloyati va Udmurtiyada joriy etilgan, Moskva viloyati, Qozon, Nijniy Novgorodda esa sinov rejimida ishlamoqda. Yaqin kelajakda ushbu loyiha Peterburg va boshqa bir necha hududlarda joriy etiladi, deb yozadi nashr.
Qozon, Kaliningrad va Nijniy Novgorod shaharlarida geolokatsiya orqali to‘lov tizimi shahar atrofidagi elektr poyezdlarida ham sinovdan o‘tkazilmoqda. 2025-yilga kelib yer usti jamoat transportida geolokatsiya orqali yo‘l haqini to‘lash Janubiy Rossiya, Sibir va mamlakatning uzoq Sharqidagi o‘lkasida ham joriy etilishi mumkin, deb xabar beradi TACC.
Nashrning ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtga qadar ushbu texnologiya asosida 10 millionga yaqin safar uchun yo‘l haqi to‘langan. 2025-yilga kelib, tranzaksiyalar soni bir necha barobar oshishi va 50 milliondan ortiqni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, chunki ushbu to‘lov tizimi joriy etilgan hududlarda yaxshi o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgan. Biroq Moskvada bunday to‘lov texnologiyasi hozircha joriy etilmagan. Moskva viloyatida esa sinov loyihasi kengaytirilishi muhokama qilinmoqda.