
Yaqin kunlarda Rossiya Federatsiyasining beshta hududida migrantlar uchun moslashuv markazlari paydo bo‘ladi. Migrantlarga mamlakat madaniyati, tarixi, an’analari va o‘zini tutish qoidalari haqida so‘zlab beriladi. Bu haqda Rossiyaning Millatlar ishlari bo‘yicha federal agentligi (ФАДН) rahbari Igor Barinovga tayanib, “Izvestiya” xabar bermoqda.
Dastlabki beshta moslashuv markazlari Kemerovo va Chelyabinsk viloyatlarida, Tatariston va Saxa (Yakutiya) respublikalarida, shuningdek, Xabarovsk viloyatida ish boshlaydi.
Ta’kidlanishicha, faqat migrantlarni moslashtirish markazlarining pilot loyihalari uchun har yili 108,2 million rubl miqdorida subsidiyalar ajratiladi. Barinovning fikricha, kelajakda bu markazlar migratsiya bosimiga uchragan barcha hududlarda paydo bo‘lishi kerak.
Agentlik chet elliklarning muvaffaqiyatli moslashishi mezbon tomonning madaniyatidan xabardorlik darajasi, uning tarixi, xulq-atvor qoidalarini bilish, shuningdek, rus tilini bilish darajasiga bog’liqligini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan tashkil etilgan markazlar chet elliklarga rus urf-odatlari haqida ma’lumot beradi va mahalliy aholi bilan muloqot qilishda «adekvat xulq-atvor» ko’nikmalarini singdiradi.
Bugungi kunda Rossiyada migratsiya organlarida ro‘yxatdan o‘tgan olti milliondan ortiq chet el fuqarolari bor. Rosstatning 2023-yildagi maʼlumotlariga koʻra, muhojirlar koʻproq Tojikiston, Qirgʻiziston, Ukraina, Armaniston, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan keladi.
Aprel oyida Rossiya Mehnat vazirligi soddalashtirilgan holda “ВНЖ” olish mumkin bo‘lgan kasblar ro’yxatini 203 dan 29 gacha qisqartirdi. Ro’yxatda faqat yuqori malakali mutaxassislar: tor yo’nalishga ega muhandislar va ishchilar, fanning muayyan sohalari uchun tahlilchilar va muhandislar qoladi.
Shu bilan birga, parlament a’zosi Yaroslav Nilov Rossiya mehnat bozori haqiqatan ham muhojirlarga muhtojligini ta’kidladi, ammo u, eng oqilona variant chet ellik ishchilarni maqsadli olib kelish, degan fikrda. Uning iddaosicha, aks holda hamma narsa “migrantlar tomoshasi”ga aylanib ketar ekan.