28-iyun kuni Rossiyaning ikki shahridagi qurilish ob’yektlarida jiddiy baxtsiz hodisa yuz berdi. Ikkala holatda ham ishchilar balandlikdan yiqilib, xavfli jarohatlar olgan. Hozirda ikkalasi ham og‘ir ahvolda shifoxonalarda. Ushbu holatlar yuzasidan tergovchilar va prokuratura tomonidan tergov harakatlari boshlandi.
Birinchi hodisa tushdan keyin, taxminan 14:20 da Yekaterinburgdagi «Karaseozerskiy» turar-joy majmuasida sodir bo‘lgan. 29 yoshli muhojir uchinchi qavatda ishlayotgan vaqtida 4-5 metrlik narvondan qulab tushgan. Shifokorlar bosh suyagi asosining sinishi, umurtqa pog‘onasining shikastlanishi, qovurg‘a sinishi tashxisini qo‘yishdi. Erkak operatsiya qilindi, ammo uning ahvoli og‘irligicha qolmoqda – u komada va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.
Ikkinchi voqea o‘sha kuni kechqurun Sankt-Peterburgda, taxminan soat oltilarda Kondratyev prospekti va Metallistlar prospekti chorrahasida joylashgan qurilish maydonchasida sodir bo‘ldi. 41 yoshli Akbar ismli muhojir 11-qavatdan 7-qavatga qulab tushdi. Voqea sodir bo‘lgan paytda u havoza ustida ishlayotgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Akbarning maxsus tayyorgarligi bo‘lmagan, himoya kiyimi bilan ta’minlanmagan, uchastkada zarur to‘siqlar ham yo‘q. Yiqilish natijasida unga og‘ir bosh jarohati, miya shishi, bosh suyagi sinishi va qon ketishi tashxisi qo‘yilgan. Hozirda reanimatsiyada, ahvoli og‘ir.
Har ikki holat bo‘yicha tergov harakatlari boshlangan. Karaseozerskiyda prokuratura ish beruvchining mehnat xavfsizligi qoidalariga qanday rioya qilganligini tekshirmoqda. Sankt-Peterburgda tergovchilar qurilish ob’yektida xavfsizlik qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Qurilish maydonlarida ishlaydigan migrantlarga tavsiyamiz:
O‘zingizni ehtiyot qiling. Har doim xavfsizlik kaskasi, xavfsizlik kamarlari, mustahkam poyabzal va boshqa kerakli kiyimlardan foydalaning. Hech qachon tegishli tajriba va ruxsatsiz balandlikka chiqmang. Xavfli ishni rad etish sizning huquqingizdir. Hayotingiz va salomatligingiz o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun muhim.