
Rossiya va AQSh 2025-yil 18-fevralda Saudiya Arabistonining Er-Riyod shahrida Ukrainadagi mojaroni yakunlash bo’yicha muzokaralarni boshladi. Muzokaraga Ukraina yoki Yevropa mamlakatlari taklif qilinmagan, bu esa tinchlik jarayonining kelajagi haqida tanqid va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Ammo, xavotirlar mavjudligiga qaramay, tinchlik haqidagi yangiliklar fonida Rossiya tez orada sanksiyagacha bo’lgan hayotga qaytishiga ishora qiluvchi ma’lumotlar paydo bo’la boshladi. Masalan, rubl kursi mustahkamlandi. Xalqaro kompaniyalarning Rossiya bozoriga qaytishi haqida mish-mishlar paydo bo’ldi, havoda esa ijobiy kayfiyat sezilmoqda.
Rossiya va AQSh delegatsiyalariga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va davlat kotibi Marko Rubio boshchilik qilayotgani xabar qilinmoqda. Shuningdek, delegatsiyalar tarkibiga Kirill Dmitriyev va Stiv Uitkoff kabi yuqori martabali maslahatchilar va biznesmenlar kiradi. Ikki tomonlama munosabatlarni tiklash va jang harakatlarini to’xtatish yo’llari asosiy muhokama mavzulari bo’lgani sababli, muzokaralar Putin va Tramp prezidentlarining tashrifi imkoniyatlarini o’z ichiga olgan bir necha bosqichda o’tkazilishi kutilmoqda.
Muzokaralar fonida, ilgari Rossiya bozoridan ketgan ko’plab kompaniyalar qaytish bo’yicha muzokaralar boshlaganini ma’lum bo’ldi. Ular orasida Inditex, Visa va Mastercard kabi kompaniyalar bor. Inditex kompaniyasi tarkibiga Zara, Zara Home, Massimo Dutti, Bershka, Oysho, Pull & Bear, Stradivarius, Uterque brendlari kiradi.
Bundan tashqari, rublning dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanishi kuzatilmoqda. 18-fevral holatiga ko’ra, dollar kursi taxminan 91 rubl atrofida, bu oldingi oylarga nisbatan sezilarli pasayishdir. Ekspertlarning ta’kidlashicha, rublga bo’lgan yuqori talab va mamlakatdan valyuta chiqib ketishining cheklanganligi tufayli bu mustahkamlanish 2025-yilning birinchi choragida davom etishi mumkin.
– Nihoyat yaxshi yangiliklar paydo bo’ldi. Biz ham kutayapmiz, tezroq hammasi tugasa edi. Ilgarigidek yashash va ishlash istagi bor. Mana, men tozalab bergan ish beruvchilarim 2022-yilda ketib qolishdi. Tozalash buyurtmalari ancha kamayib ketdi. Sekin bo’lsa ham, ishlab turdim. Agar hammasi yaxshi bo’lib ketsa, mening sevimli mijozlarim qaytib kelishadi. Men ular bilan ishlash juda qulay edi, – deb o’z umidlarini baham ko’rmoqda O’zbekistonlik muhojir Dilfuza Aliyeva.
– Voy, bu safar dollar kursi tufayli juda yaxshi pul jo’natdim. Hattoki ishlash uchun motivatsiya paydo bo’ldi. Doim shunday bo’lsa edi, – deydi Moskva viloyatida taksi haydovchisi bo’lib ishlaydigan Sirojiddin Usmonov.
“Xalqaro kompaniyalarning qaytishi Rossiyadagi muhojirlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Iqtisodiyotning turli sektorlarida ish o’rinlari sonining ko’payishi kutilmoqda, bu esa mehnat muhojirlari uchun sharoitlarni yaxshilashi mumkin. Bundan tashqari, rublning mustahkamlanishi muhojirlarning turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, chunki ularning rubldagi daromadlari xorijiy valyutalarga nisbatan barqarorroq bo’ladi”, deb ta’kidlaydi migratsiya masalalari bo’yicha ekspert Zarnigor Omonillayeva.
Butun dunyo vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda va muzokaralardan ijobiy natijalar kutmoqda.