Maqola

1 003 28/08/2025

Avvalroq Moskva yaqinida joylashgan Ximki shahrida mahalliy fuqaro asli o‘zbekistonlik muhojir yigit bilan janjallashgani va uni «Sen qulsan, ruslarning qulisan! Og‘zingni ochma! O‘zbekistonda hech narsa yo‘q, shuning uchun bizga kelgansan. Sen o‘z uyingda emassan, ishlashga kelgansan, ishingni qil!», deya haqorat qilganini xabar qilgan edik.

Keyinroq o‘zbekistonlik yigit voqeaga izoh berib, kelishmovchilik paytida muhojir u bilan erkakcha gaplashib olishni taklif etganini aytgan edi. Rossiyalik millatchi urushda qatnashganligi to‘g‘risidagi guvohnomani ko‘rsatib, pichoq bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lganini, muhojir esa provokatsiyani sezib, u bilan janjallashmay mashinasiga o‘tirib ketganini bildirgan edi.

Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov o‘z «Telegram» kanalida O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lishidan qat’iy nazar, davlat himoyasida ekanini ta’kidladi.

«Agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari yoki qadr-qimmati xorijda buzilsa, ular darhol qabul qiluvchi davlatning vakolatli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishlari zarur. Shuningdek, fuqarolar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga huquqiy va konsullik yordami so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Fuqarolarimizni xorijda himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini hamda bu mas’uliyat davlatning o‘z fuqarolari oldidagi majburiyatlari asosida amalga oshirilishini yana bir bor eslatib ta’kidlaymiz», deyiladi xabarda.

Xabarning mazmuni umumiy. Aynan qaysidir voqeaga qaratilmagan bo‘lsa-da, shov-shuvli video tarqalganidan so‘ng e’lon qilingani sababli, ushbu ehtyotkor diplomatik «munosabat» rossiyalik millatchining harakatlariga javob o‘laroq yozilganini taxmin qilish mumkin.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya