
Rus pravoslav cherkovi yana bir bor migratsiyani Rossiya uchun asosiy tahdidlardan biri deb e’lon qildi. Moskva Patriarxati ma’muri, Voskresensk mitropoliti Grigoriy «Rossiya 24» kanalidagi «Cherkov va dunyo» ko’rsatuvida migratsiyani tug’ilishning past darajasi va Ukraina urushi oqibatlari bilan bir qatorga qo’ydi.
Mitropolitning so’zlariga ko’ra, bir qator hududlar allaqachon o’z fuqarolarini muhojirlardan himoya qilishga harakat qilmoqda va u federal darajada shunga o’xshash choralar ko’rilishiga umid bildirdi.
Cherkov ma’murining iddaosicha, migrantlar «rus diniy va madaniy qadriyatlarini hurmat qilmaydi» va «ko’p jinoyat» qilar emish.
Shuni aytish lozimki, rus pravoslav cherkovi vakillari muhojirlarga qarshi keskin bayonotlar berib, rasmiylardan qonunlarni kuchaytirishni talab qilishi birinchi marta emas.