290 01/10/2024

Samarqand nonlari allaqachon shahar ramzlaridan biriga aylanib ulgurgan. Bu qadimiy shaharga kelgan har bir mehmon, odatda, o‘zi bilan Samarqand nonlaridan olib ketishni istaydi. Aytishlaricha, bu nonlar oylab, hatto yillab mog‘orlamaydi va yangidek saqlanadi.

Non tayyorlash jarayoni tong saharda boshlanadi. Samarqandlik novvoylar mehr va e’tibor bilan xamir qorishadi, jarayonning har bir bosqichi o‘zining sir-sinoatlariga boy. Balki shuning uchundir, Samarqand nonini boshqa joyda yopib bo‘lmaydi, degan gap chiqqandir.

Samarqand shahri ko‘p millatli shahar. Boshqa millat vakillari qatori tojiklar ham ushbu shaharda asrlar bo‘yi yashab keladi. Aynan mashhur Samarqand nonlarini yopadiganlarning aksariyati tojiklardir. Muxbirimiz Galaosiyoda novvoylik qiluvchi Akobirovlar oilasida mehmon bo‘ldi.

Novvoylardan birining aytishicha, nonning shirinligi xamirga beriladigan mehr, qo‘shiladigan suv va tuzga ham bog‘liq.
Nonvoylar ko‘pincha Qozog‘iston unini ishlatishni ma’qul ko‘rishadi. Ular aytishicha, bu un o‘zimizdagi unga qaraganda yaxshiroq chiqadi. Yasalgan xamirni taxminan bir yarim soat dam oldirishadi. Har bir bo‘lak xamir taxminan bir kilo olti yuz gramm qilib tayyorlanadi. Zuvalalar tayyor bo‘lgach, ular oshirish uchun olib qo‘yiladi.

Samarqanddagi nonvoyxonalarda asosan o‘tinda yoqiladigan tandirlardan foydalaniladi. Novvoy Shavkat akaning aytishicha, o‘tin yoqilgandan keyin 15-20 daqiqada tandir qiziydi va non yopishga tayyor bo‘ladi. Bu jarayon taxminan 10-15 daqiqani talab qiladi, nonning pishishi esa yana 40 daqiqa vaqt oladi.

Oila bekasi Kubarro Akobirova Samarqand nonlari hozir deyarli shaharning har bir bozorida sotilishi, ammo ilgari non Siyob bozorida sotilganini aytadi. Bu yerda ayniqsa, Galaosiyo noni o‘zining ta’mi va pishirish usuli bilan ajralib turadi.

Samarqandda har bir avlodning nonvoylik an’anasi bor va bu an’analar oila a’zolari tomonidan asrab-avaylab kelingan. Mehnatlari orqali rizq topayotgan novvoylar faxr bilan aytishadiki, nonning shirali chiqishi faqat mehr va e’tiborga bog‘liq. Ota-onasidan kasbni o‘rgangan, bugungi kunda nafaqadagi Kubarro opa esa bolaligidan maktabga borib kelguniga qadar ota-onalari tayyorlab qo‘ygan zuvalalardan non yopganini eslaydi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya