Maqola

885 22/12/2024

19-dekabr kuni Rossiyaning Samara viloyati bo‘yicha “ФСИН” matbuot xizmati 26-sonli koloniyada 20 nafar chet ellik mahbusga tantanali ravishda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi pasportlari topshirilganini ma’lum qildi. Ularning barchasi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, maxsus harbiy operatsiya (СВО) hududiga yuborilgani xabar berildi.

Biroq mazkur xabar o‘ng yo‘nalishdagi guruh va jamoatchilarning noroziliklariga sabab bo‘ldi. Millatchi faollar va blogerlar “СВО hududiga hali yetib bormagan va fuqarolikka loyiq ekanini isbotlamagan mahbus-migrantlarga fuqarolik pasportlari berilayotganiga” e’tiroz bildira boshladi. Bu norozilik to‘lqini Rossiya Ichki ishlar vazirligi e’tiboridan chetda qolmadi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Samara viloyati bo‘yicha “ФСИН”ning 26-sonli tuzatish koloniyasida mahbuslarga Rossiya pasportlari berilishini izohlab bayonot berdi. Ushbu bayonot Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bosh boshqarmasining rasmiy telegram-kanalida e’lon qilindi.

Xabarda ta’kidlanishicha, qamoq jazosini o‘tash Rossiya fuqaroligini olish bo‘yicha arizani rad etish uchun asos bo‘lsa-da, bir qator istisno holatlari mavjud. Shunday holatlardan biri Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, maxsus harbiy operatsiya (СВО) hududida xizmat o‘tashdir. Shuning uchun mahbus muhojirlar qonuniy asosda fuqarolik olgani bayon qilingan.

Fuqarolik olib, urushga yollangan muhojirlar aynan qaysi davlat fuqarolari ekaniga aniqlik kiritilmagan. Ular orasida o‘zbekistonliklar borligi ham ma’lum emas.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya