
Sankt-Peterburgda bir kunda ikkita qurilish obyektida baxtsiz hodisa sodir bo’ldi. Ikkalasida ham migrant ishchilar jabrlandi.
Birinchi hodisa Polyustrovskiy prospektidagi turar-joy majmuasida sodir bo’ldi. Atigi o’n sakkiz yoshli muhojir ishchi yuqori qavatda fasad ishlarini bajarayotgan edi. U devorning boshqa qismiga yetib borish uchun xavfsizlik panjarasiga chiqqan. Biroq panjara sinib, migrant pastga yiqilib tushgan. Yigit o‘sha joyning o‘zida vafot etgani aytilmoqda.
Ikkinchi hodisa Strelna qishlog’idagi qurilish maydonchasida o’ttiz yoshli suvoqchi bilan ro‘y berdi. U o‘zini yomon his qilib balkonga chiqqan. Qurilish maydonchasida xavfsizlik panjaralari yoki ogohlantirish belgilari bo’lmagan. Ishchi o’zini tuta olmay sirpanib ketgan va balandlikdan yiqilib tushgan. U og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketildi.
Mehnat inspeksiyasi vakili asosiy sabab ishning yomon tashkil etilganligi ekanligini ma’lum qilgan.
Qurilish sohasida ishlaydigan migrant ishchilar uchun tavsiyalar:
Balandlikda to‘siq, panjara va xavfsizlik uskunalari bo‘lishi shart.
Ish beruvchi xavfsizlik bo’yicha instruktaj o’tkazishi majburiy.
Agar shartlar bajarilmasa, ishchi ishni rad etish huquqiga ega.
Hayotingiz pul topish va qurilishdan ko‘ra muhimroq. Agar uskunalar xavfli bo’lsa, jim turmang; boshliq yoki prorablarga xabar bering. Rossiyada xavfsizlik uchun ish beruvchi javobgardir.