Maqola

116 19/08/2024

Migrantlar boshqa davlatlarga borib, bola-chaqasidan uzoqda, qiynalib peshona teri bilan pul topadilar. Vatanida esa ota-onasi, rafiqasi va farzandlari kun emas, soat sanab, ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutishadi. Ularning umidlari, orzulari va ishonchlari migrantning har bir harakatiga bog‘liq.

Biroq, agar o‘sha muhojir o‘z vatandoshlarining ishonchini oqlamasa, aroq ichib jinoyat qilsa, bu nafaqat uning, balki uning oilasi va yaqinlari uchun ham katta fojia bo‘ladi. Undan ham og‘irrog‘i, agar u jinoyat qilib, o‘z vatandoshlarining umriga zomin bo‘lsa, bu holat jamiyatdagi barcha migrantlarga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirishi mumkin.

Sankt-Peterburgda tergovchilar Kirov rayonidagi Primakov ko‘chasida o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan qonli ziyofat holatlarini o‘rganmoqda. Politsiya kvartirada uch nafar yaralangan muhojirni topgan, ulardan biri keyinroq vafot etdi.

O‘zbekistondan kelgan 57 yoshli noqonuniy muhojirning orqa qismiga pichoq urilgan va og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Yana bir 57 yoshli migrant ham og‘ir kesilgan jarohatlar bilan kasalxonaga yetkazilgan. 29 yoshli muhojirning esa yuragiga qadalgan pichoq uning o‘limiga sabab bo‘ldi.

Politsiya jinoyat sodir etishda gumon qilib, 49 yoshli muhojirni qo‘lga oldi. Qotillik moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro ishtirokchilarining hech biri ro‘yxatga olinmagan.

Ikki hamyurtimizning sog‘ligiga putur yetdi, bir navqiron yigit o‘lib ketdi, aybdor esa bir necha yil umrini Rossiya qamoqxonasida o‘tkazadi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya