Saxalin viloyati hukumati matbuot xizmati xabar berishicha, gubernator Valeriy Limarenkoning qaroriga muvofiq, orol hududidagi ish beruvchilarga patent asosida mehnat qilayotgan xorijlik fuqarolarni muayyan faoliyat turlariga jalb qilish taqiqlandi. 2025 yildan boshlab bu cheklov xorijliklarni ishga oluvchi jismoniy shaxslarga ham tatbiq etiladi.
Endilikda jismoniy shaxslar xorijlik fuqarolarni uy xo‘jaligi sohasida ishlatish , shu jumladan o‘z ehtiyojlari uchun mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda foydalana olmaydilar.
Saxalin viloyati mehnat va aholini ish bilan ta’minlash agentligi rahbari Tatyana Babichning aytishicha, orol hududida har yili patent asosida mehnat qilayotgan xorijliklarni ishga jalb qilish taqiqlanib kelinmoqda. 2025 yildan boshlab taqiqlangan iqtisodiy faoliyat turlari ro‘yxati yana kengayib, 24 taga yetdi.
Shuningdek, ilk bor bu ro‘yxatga jismoniy shaxslar ham kiritildi va 2025 yildan boshlab ularning xorijliklarni ishga olish imkoniyatlari cheklanadi. Bu taqiqlar orol hududida malakali bo‘lmagan xorijlik mutaxassislar sonini kamaytirish va mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, qaror kuchga kirganidan so‘ng, patent asosida xorijliklarni ishga olish taqiqlanadi. Agar ish beruvchi bunday xodimlarni jalb qilgan bo‘lsa, ular bilan hamkorlikni tugatishi lozim.