Maqola

173 11/04/2025

5-aprel kuni Moskva shahrida patentga hujjat topshirish uchun borgan o‘zbekistonlik muhojir vafot etdi. 54 yoshli o‘zbekistonlik erkak ikki sutka navbatda turib, uchinchi kuni ham patentga topshirishga borgan. Va nihoyat uchinchi kuni navbati kelib, migratsiya markaziga kirayotganda birdan hushini yo‘qotgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar o‘zbekistonlik erkak hayotini saqlab qola olmagan. Ma’lum bo‘lishicha, erkak bir kun avval ko‘ksida sanchiq va og‘riq borligidan shikoyat qilgan.

Mazkur holat muhojirlar bilan sodir bo‘layotgan ko‘plab fojialarning biri xolos. Masalan, 2023-yili shunga o‘xshash boshqa ayanchli holat yuz bergan. Moskvada politsiya hujjat tekshirish uchun to‘xtatgan vaqtda muhojirlarning biri qattiq hayajonlanib, qo‘rqqanidan yuragi xuruj berib, vafot etgan edi. Rossiyaning OAV muhojirning yuragi politsiyachilar oldida asabiylashganidan kelib chiqqan stressni ko‘tara olmagani haqida yozgan edi.

Og‘ir sharoit, byurokratik to‘siqlar bilan yuzlashayotgan muhojirlarning muammolari jismoniy va psixoemotsional tomonidan ularni sekin-asta yemirmoqda. Natijada fojiali oqibatlarning guvohi bo‘layapmiz.

Deport va “zapret”ga tushgan muhojirlarni saqlash markazlaridagi sharoitlar ham huquq himoyachilari hamda jamoat nazoratchilarida borgan sari katta xavotir uyg‘otmoqda. Masalan, 2023-yili Volgograddagi migrantlarni vaqtinchalik saqlash markazida o‘zbekistonlik muhojir yurak yetishmovchiligidan vafot etgan. Kamerada yotgan o‘zbekistonlikning jasadini «ЦВСИГ» xodimlari topgan. Ya’ni muhojir hech qanday tibbiy yordamsiz, yolg‘iz va sovuq kamerada jinoyatchidek vafot etgan…

Moskvadagi muhojirlarni vaqtincha saqlash markazi ham juda ko‘p marta huquq himoyachilari e’tirozi va jamoatchilikning e’tiboriga tushgan. Oxirgi katta rezonans Nekoglay taxallusli moldavan blogeri Saxarovodagi muhojirlarni saqlash markazida muntazam ravishda qiynoqqa tutilgani, zo‘ravonlikka uchragani va kamsitilgani haqida guvohliklari bilan bog‘liq. Moldovalik bloger-muhojir uni har kuni kaltaklashgani, qiynashgani va xo‘rlashgani haqida aytib bergan.

Muhojirlarni saqlash markazlaridagi sharoitlar, yomon munosabat ustidan ayol muhojirlar va ularning farzandlari ham shikoyat qiladi. Masalan, 2024-yilda ayol muhojirlar va ularning bolalari shunday markazlarda qiynoqqa uchrayotgani va noinsoniy sharoitlarda qolgani haqida 10 dan ziyod holatlar kuzatilgan. Migrant.uz shunday markazlarga tushgan ayollar va voyaga yetmagan muhojirlar haqida bir qator materiallar tayyorlagan.

Bunday holatlar hukumat va xalqaro hamjamiyatga migratsiya tizimida islohot zarurligini ko‘rsatuvchi xavotirli signaldir.

Migrantlarning huquqlari buzilishi va tibbiy yordamning yetishmasligi

Saxarovoda deportatsiya bo‘lishini kutib, qiynoqqa uchragan muhojirlardan biri salomatligida og’ir holat bo‘lishiga qaramay shifoxonaga yotqizishda rad javobini olgani haqida jurnalistlarga aytgan so’zlari, muhojirarni saqlash markazlaridagi tibbiy yordam bilan katta muammolar borligini ko’rsatadi. Zaruriy yordamni ko’rsatish o’rniga, muhojirni hujjat to’ldirish uchun yuborishgan. U yerda esa muhojirning salomatligi yanada yomonlashgan.

“Bunday voqealar, moliyaviy va huquqiy jihatdan qiyin ahvolda bo’lgan migrantlarning qanchalik himoyasizligini ko’rsatmoqda”, deydi huquq himoyachisi, yurist va Migrant.uz portalining asoschisi Botirjon Shermuhammad.

Jamoatchi faol va yurist Zarnigor Omonillayevaning so’zlariga ko’ra, yana bir jiddiy muammo, migratsiya markazlari va boshqa migrantlarga xizmat ko‘rsatadigan joylarda xodimlarning xulq-atvori nazorat qilinmasligidir.

– Migrantlar hujjatsiz yoki tirikchilik uchun zarur bo‘lgan mablag’siz qolganida bevosita vaqtinchalik saqlash markazlari xodimlariga bog’liq bo’lib, zaif bo‘lib qolishadi. Bu esa ekspluatatsiya va shafqatsiz muomalaga olib kelishi mumkin, deydi Zarnigor Omonillayeva.

Migrantlarga tavsiyalar

Migrantlar o’z sog’lig’iga oldindan e’tibor berishlari va ayniqsa davlat idoralariga tashrif buyurishda stress holatlaridan qochishga harakat qilishlari juda muhimdir. Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni yoki deportatsiya qilish xavfi bilan bog’liq psixologik bosim, ayniqsa surunkali kasalliklari bor odamlar sog’ligiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Zarnigor Omonillayevaning so’zlariga ko’ra, migrantlar muntazam ravishda o‘zlari uchun tibbiy tekshiruvdan o’tishi, kerakli tibbiy ma’lumotnomalarni o’zlari bilan saqlab borishi va o‘zlarini avaylashlari tavsiya etiladi. Tiqilinch va olomon ichida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, nafas olish yo’llari, yurak va boshqa a’zolarni maxsus usullar bilan himoya qilish usullarini bilishlari muhim.

“Migrantlar o’z huquqlarini bilishlari va huquqlari buzilgan taqdirda yordam so’rashdan tortinmasliklari kerak. Shuningdek, yordam so’rashda, agar shafqatsiz muomala yoki tibbiy yordam berishdan bosh tortish holatlariga uchrashsa, huquq himoyasi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga, huquq himoyachilariga va konsulliklarga bog‘lanib shikoyat qilishlari kerak”, deydi Zarnigor Omonillayeva.

Migrantlarni yuboruvchi davlatlar uchun tavsiyalar

Botirjon Shermuhammad o’zining uzoq yillik tajribasiga asoslanib, Rossiyaga ishlash uchun o’z fuqarolarini yuboruvchi davlatlar, chet eldagi mehnat sharoitlari va yashash sharoitlarini muntazam kuzatishi, huquqiy diskriminatsiya holatlari qayd etilsa kuzatuvni yanda kuchaytirishlari va tegishli uchrashuvlar vaqtida bu masalalarni ko‘tarishlari kerak, deb hisoblaydi.

– Ayniqsa migratsiya markazlarini muntazam tekshirish, u yerdagi shikoyatlar, vaqtida tibbiy yordam ko’rsatilishini nazorat qilish, rossiyalik huquq himoyasi bo‘yicha tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kerak. Surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan migrantlarga maxsus e’tibor qaratilishi kerak, deb ta’kidlagan Botirjon Shermuhammad.

Migrant.uz portalining asoschisi fikriga ko’ra, muhojirlarning huquqlari va majburiyatlari haqida axborot kampaniyalarini yuritish, shuningdek, ularning huquqi buzilsa yordam olish imkoniyatlari haqida xabardorlikni oshirishga katta e’tibor qaratish lozim.
“Migrantlarni yuboruvchi davlatlar hukumatlari, o’z fuqarolarining xavfsizligi va sha’nini ta’minlash uchun xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilishlari kerak”, deydi mutaxassis.

Moskvada va Volgogradda yurak yetishmovchiligidan vafot etgan migrantlar fojiasi deportatsiya markazlarida tezkor islohotlar o’tkazish zarurligini ochiq-oydin ko’rsatmoqda. Muhojirlarni saqlash sharoitlari inson huquqlari bo’yicha minimal standartlarga mos bo’lishi kerak, jumladan, muntazam tibbiy yordam va zo’ravonlikdan himoya qilinishlari zarur. Aks holda, bunday fojialar davom etadi va insonlarning hayoti xavf ostida qolaveradi.

-Ushbu fojialar Rossiya hukumatining migratsiya markazlari va deportatsiya markazlarida sharoitlarni yaxshilash bo’yicha tizimli ishlarni boshlash vaqti yetib, hatto kech qolinayotganini isboti, deydi yurist Botirjon Shermuhammad.

Migrantlar ham qolgan boshqa odamlar kabi, hayot, xavfsizlik va insoniy munosabatlarga ega bo’lish huquqiga ega. Inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qat’iy choralar barcha mamlakatlarda davlat siyosati darajasida ustuvor yo‘nalish bo’lishi kerak. Rossiya hukumati hamda mehnat resurslarini eksport qiluvchi davlatlar, migrantlar uchun nafaqat huquqiy himoya, balki jismoniy va psixologik farovonlikni ta’minlash uchun birgalikda ishlashlari kerak.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya