Maqola

179 22/04/2025

Rossiyada muhojirlar ko‘pincha hujjatlarni qalbakilashtirish, o‘g‘irlik va giyohvand moddalar bo‘yicha sud qilinadi. Bu haqida mamlakat Oliy sudiga tayanib, RTVI xabar bermoqda. Ma’lum bo’lishicha, Rossiyada sudlangan xorijliklarning aksariyati MDH davlatlari fuqarolaridir.

2024-yilda Rossiyada 21 953 nafar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan hukm chiqarilgan, 20 152 nafar mahkum MDH fuqarolari bo‘lgan, deyiladi Oliy sud huzuridagi sud departamenti ma’lumotida.

Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan biroz pasaygan: 2023-yilda Rossiyada JKning barcha tarkiblari bo‘yicha 22,4 ming nafar chet ellik sudlangan edi. Ulardan 20,5 ming nafari MDH davlatlari fuqarolari bo‘lgan. 2020-yildan beri chet elliklarga nisbatan hukmlar soni barqaror o‘sib borayotgan edi va 2023-yildagi eng yuqori cho‘qqidan keyin muhojirlarning jinoyatchiligi pasayishi boshlangan.

2024-yilda javobgarlikka tortilgan muhojirlarning aksariyati hujjatlarni qalbakilashtirish uchun sud qilingan (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 327-moddasi). Ushbu modda bo‘yicha 5 522 kishiga hukm o‘qilgan. Ikkinchi o‘rinda o‘g‘irlik uchun sudlanganlar – ular 2024-yilda 3 593 kishini tashkil etgan. 2024-yilda «giyohvand moddalar» moddasi bo‘yicha 3 322 nafar MDH fuqarosi, jumladan, 2 463 kishi giyohvand moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish, sotish va tarqatish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228.1-moddasi) va 859 kishi giyohvand moddalarni noqonuniy olish, saqlash, tashish, tayyorlash va qayta ishlash (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi) bo‘yicha hukm qilingan.

Rossiyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan eng ko‘p uchraydigan jinoyatlar o‘ntaligiga bosqinchilik (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 161-moddasi), ilgari sudlangan shaxs tomonidan mast holda transport vositasini boshqarish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 264.1-moddasi), davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi), mayda summada pora berish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 291.2-moddasi), qasddan badanga og‘ir, shu jumladan, o‘lim bilan yakunlangan shikast yetkazish, (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 111-moddasi) va firibgarlik (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi) kiradi.

Muhojirlarga asosan jinoyatlari uchun jarima shaklida javobgarlik belgilangani xabar berilmoqda.Jarima tayinlash haqida hukm 9 462 nafar chet ellikka, shu jumladan, 9 178 nafar MDH davlatlari fuqarolariga nisbatan chiqarilgan.

8 161 nafar chet el fuqarosi, shu jumladan MDH davlatlaridan kelgan 7 229 nafar chet el fuqarosi esa jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan. Ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘pincha 5 yildan 8 yilgacha bo‘lgan muddatga koloniyaga jo‘natishdan iborat bo‘lgan. Bunday jazoga 1753 kishi hukm qilingan. Eng og‘ir jazo – umrbod qamoq jazosiga Markaziy osiyolik besh nafar fuqaro hukm qilingani ma’lum qilindi.

Rossiya sudlari chet elliklarga nisbatan shartli jazolarni kam tayinlaydi: 2024-yilda bunday jazoga faqat 1219 nafar chet ellik, jumladan, MDH davlatlaridan bo‘lgan 1021 nafar muhojir hukm qilingan.

 

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya