
30-oktyabr kuni Sietl şahrida Özbekiston va AQŞ örtasida sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirişga bağişlangan xalqaro forum ötkazildi. Tadbir Özbekistonning Vaşington ştatidagi Boş konsulxonasi, Amerika–Özbekiston biznes va investitsiya kengaşi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) hamkorligida taşkil etildi.
Forumda texnologiya kompaniyalari, oliy taʼlim muassasalari, investitsiya hamjamiyati va davlat taşkilotlarining qariyb 60 nafar vakili qatnaşdi. Ular orasida Microsoft va Meta kompaniyalari mutaxassislari, Garvard, Vaşington va Şimoli-Şarq universitetlari vakillari, Sietl maʼmuriyati hamda innovatsion kompaniyalar namoyandalari bor edi. Tadbir «Seattle AI Week» haftaligi doirasida ötkazilib, uning yakuniy uçraşuvi böldi.
Muhokamalarning asosiy mavzulari Özbekiston–AQŞ texnologik hamkorligini kengaytiriş, sunʼiy intellekt yönalişida mutaxassislar tayyorlaş, startaplarni qöllab-quvvatlaş, xorijiy investitsiyalarni jalb etiş va yangi texnologik yeçimlarni amaliyotga joriy qilişdan iborat böldi.
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatçisi, Amerika–Özbekiston biznes va investitsiya kengaşi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlaniş borasidagi strategik ustuvor vazifalarini taqdim etdi. U ikki davlat örtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar rivojlanib borayotganini taʼkidlab, Kengaşning qöşma loyihalar va amaliy taşabbuslarni qöllab-quvvatlaşdagi imkoniyatlariga töxtaldi.
Özbekistonning Boş konsuli Ahror Burxonov AQŞning Tinç okeani şimoli-ğarbiy mintaqasi bilan hamkorlikni mustahkamlaş masalasiga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlaşiça, Boş konsulxona mintaqadagi texnologik kompaniyalar, universitetlar va tadbirkorlik vakillari bilan bevosita aloqalarni rivojlantirişga kömaklaşişga tayyor.
IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparov mamlakatdagi IT ekotizimining rivojlanişi va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Taqdimotda yetakçi sunʼiy intellekt kompaniyalari bilan hamkorlikda yoşlarni öqitiş, hisoblaş infratuzilmasini rivojlantiriş hamda Özbekiston startaplarini xorijiy bozorlarga olib çiqiş muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) ijroçi raisi Yel Li Özbekistonning Markaziy Osiyo bilan AQŞning ilğor innovatsion ekotizimlari örtasida texnologik boğlovçi markaz sifatidagi salohiyatini taʼkidladi. U hamkorlikda bilim va tajriba almaşiş, sunʼiy intellektni masʼuliyat bilan rivojlantiriş hamda maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlaş muhimligini qayd etdi.
Permira kompaniyasining katta maslahatçisi, Microsoft dasturiy taʼminot işlab çiquvçilar yönalişining sobiq prezidenti Juliya Lyuson zamonaviy sunʼiy intellekt vositalaridan foydalaniş imkoniyatlari haqida fikr bildirdi. U taʼlim dasturlarini yangi texnologiyalar talablariga moslaştiriş va tajribaviy işlanmalarni amaliyotga joriy etiş zarurligini taʼkidladi.
Sietl şahrining texnologiyalar böyiça boş direktori Şennon Smit esa sunʼiy intellektdan şahar boşqaruvida foydalaniş tajribasi bilan örtoqlaşdi. Xususan, uşbu texnologiyalar munitsipal xizmatlar sifatini oşiriş, quriliş bilan boğliq tartib-taomillarni soddalaştiriş va yöl harakati xavfsizligini taʼminlaşda qöllanilmoqda. Şuningdek, Sietl va Toşkent örtasida raqamli şahar boşqaruvi yönalişida tajriba almaşiş imkoniyatlari muhokama qilindi.
Forum doirasidagi panel muhokamalarida universitetlar qoşidagi inkubatorlar faoliyatini rivojlantiriş, startaplar uçun ustozlik dasturlarini yölga qöyiş va biznes ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlaş masalalari körib çiqildi.
Iştirokçilar agrotexnologiyalar, suv tejovçi texnologiyalar, til xizmatlari hamda nogironligi bölgan şaxslarning turli xizmatlardan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiruvçi yeçimlarni ham istiqbolli hamkorlik yönalişlari sifatida qayd etdi.
Forum yakunida Özbekistonning Vaşington ştatidagi Boş konsulxonasi va WDTA örtasida texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlik töğrisida memorandum imzolandi.
Kelişuv tajriba almaşiş, universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari örtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantiriş, şuningdek, Özbekiston iştiroki bilan taʼlim taşabbuslari va sinov loyihalarini işlab çiqişni nazarda tutadi. Hujjatda sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalaniş, kiberxavfsizlik va maʼlumotlarni himoya qiliş masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan.