
Qishda odamning hojatga ko‘proq chiqqisi keladi. Bu sovuqqa normal reaksiya. Odam sovqotganida, organizm ichki organlar uchun issiqlikni tejashga harakat qiladi. Bu teri, qo’l va oyoqlardagi qon tomirlarining torayishiga olib keladi. Tanadagi qon hajmi oshadi va buyraklar faolroq ishlay boshlaydi, ko’proq siydik ishlab chiqaradi. Shuning uchun, sovuq havoda hojatga borish istagi kuchayadi.
Ammo esda tutish lozimki, agar siz hojatxonaga borishingiz kerak bo’lsa, “chidab” vaqtni o‘tkazmang. Bu sizning sog’lig’ingizga zarar bo‘lishi mumkin.
Siydik pufagida uzoq vaqt ushlab turilganda, bakteriyalar tezroq ko’payadi. Bu siydik pufagi yallig’lanishiga yoki sistitga olib kelishi mumkin. Og’riq, achishish va tez-tez, og’riqli istaklar paydo bo’ladi. Agar infeksiya tarqalsa, buyraklar kasallanishi mumkin, bu uzoq muddatli davolanishni talab qiladigan jiddiy holat.
Bundan tashqari, agar odam uni doimiy ravishda ushlab tursa, siydik pufagi asta-sekin cho’zilib ketadi. Bu esa vaqt o’tishi bilan normal siydik chiqarish bilan bog’liq muammolarga olib keladi. Erkaklarda siydik qoldig‘I, ayniqsa sovuq havoda prostata yallig’lanishini kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, tuzlarning cho‘kishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holat tosh paydo bo’lish xavfini oshiradi.
Qishda xavf yuqoriroq, chunki sovuq immunitet tizimini zaiflashtiradi, tos a’zolari soviydi, qon tomirlari torayadi. Bunga siydikni ushlab turish odati qo’shilsa, yallig’lanish xavfi sezilarli darajada oshadi.
Shifokorlar hojatxonaga borishni iloji boricha kechiktirmaslikni maslahat berishadi. Sovuq havoda bel va qorinning pastki qismini issiq tutish, sovuqda uzoq vaqt turish yoki o’tirishdan saqlanish hamda muntazam ravishda suv ichish muhimdir. Siydik chiqarishni kamroq qilish uchun suyuqlik iste’molini ataylab kamaytirmang – bu ham zararli.
Agar siz og’riq, siydik chiqarishda qizish, siydikning xira bo‘lishi yoki isitmani his qilsangiz, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qilishingiz kerak.
Asosiy qoida oddiy: uni ushlab turish zararli. Keyinchalik siydik pufagi yoki buyrak infektsiyasini davolashdan ko’ra, hojatxonaga o’z vaqtida borish ancha yengilroq.